Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 67 marta o'qildi

Idora fuqarolarga issiq ob-havoga chidashga yordam beradigan tavsiyalarni e’lon qildi. Yuqori xavf guruhiga keksalar, bolalar, homilador ayollar, surunkali kasalliklarga chalinganlar va ochiq havoda ishlovchilar kiradi.


Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bu davrda 65 yoshdan oshgan keksalar, go‘daklar va yosh bolalar, homilador ayollar, yurak-qon tomir, qandli diabet, buyrak, nafas olish a’zolari va boshqa surunkali kasalliklarga chalinganlar, shuningdek, ochiq havoda ishlovchilar yuqori xavf guruhiga kiradi.

Katta yoshdagi sog‘lom odamlarga kuniga 2-3 litr atrofida suyuqlik ichish tavsiya etiladi. Suv, ayron, shirin bo‘lmagan kompot, limonli suv, ko‘k yoki yalpizli choyni afzal ko‘rish kerak. Shuningdek, suvga boy sabzavot va mevalar, jumladan, tarvuz, qovun, bodring va pomidor iste’mol qilish foydali.

Bunda alkogolli va energetik ichimliklar, ko‘p miqdorda qahva, achchiq qora choy va shirin gazlangan ichimliklardan voz kechish tavsiya etiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi, shuningdek, nafas oluvchi matolardan tikilgan engil va keng kiyimlarni kiyishni, ko‘chaga chiqqanda esa bosh kiyim, quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak va SPF 50+ kremdan foydalanishni tavsiya qiladi.

Eng issiq soatlarda — taxminan soat 11:00 dan 17:00 gacha — to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlari ostida bo‘lishni cheklash tavsiya etiladi. Agar ko‘chaga chiqish zarur bo‘lsa, har 15-20 daqiqada oz miqdorda suv ichish kerak.

Bundan tashqari, vazirlik bolalar, keksalar va hayvonlarni avtomobilda yolg‘iz qoldirish mumkin emasligini eslatdi.

Issiq urishi belgilari orasida tana haroratining 40°C va undan yuqoriga ko‘tarilishi, hushning buzilishi, talvasalar, terining qizarishi va qurishi, nafas olishning qiyinlashuvi hamda hushdan ketish mavjud. Bunday alomatlar paydo bo‘lganda zudlik bilan oilaviy shifokorga murojaat qilish kerak.

Chat