Toshkentda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni yo‘l bo‘yidagi pullik avtoturargohlardan foydalanganlik uchun haq to‘lamaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi modda bilan to‘ldirish taklif qilindi. Tegishli qonun loyihasi Toshkent shahar hokimligi tomonidan ishlab chiqilgan va jamoatchilik muhokamasi uchun regulation.gov.uz portalida e’lon qilingan.
Xususan, MJtKni "Yo‘l bo‘yidagi pulli to‘xtash joylaridan foydalanganlik uchun to‘lovni amalga oshirmaslik" nomli yangi 128-11-modda bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.
Ushbu moddaning sanktsiyalariga ko‘ra, yo‘l chetidagi pullik avtoturargohdan foydalanish uchun to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaslik yoki bunday to‘lovni amalga oshirishdan bo‘yin tovlash BHMning 2 baravari miqdorida (hozir 824 000 so‘m, 1 sentyabrdan boshlab 880 000 so‘m) jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bunda ushbu talab qonunchilikda bunday avtoturargohlardan bepul yoki imtiyozli shartlarda foydalanish huquqi berilgan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Bundan tashqari, qonun loyihasida ushbu moddada nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha o‘z vaqtida to‘lanmaganlik fakti maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari yordamida olingan materiallar hamda axborot tizimlari ma’lumotlari bilan tasdiqlanishini belgilash taklif etilmoqda.
Qonun loyihasi muhokamasi 2026-yil 28-iyulga qadar davom etadi.