Prezidentning 2026-yil 21 sentyabrdagi PQ–345-son qarori bilan mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlashga qaratilgan yangi mexanizmlar belgilandi.
Yangi dastur davlat organlari va tashkilotlari, davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, mulkchilik shaklidan qat’i nazar boshqa korxona, tashkilot va muassasalarda bosqichma-bosqich joriy etilishi nazarda tutilgan.
2026-yil 1 dekabrga qadar davlat organlari va tashkilotlari uchun «Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhiti» axborot portali ishga tushirilishi belgilangan.
Portal orqali xodimlar ish joyidagi tazyiq va zo‘ravonlik holatlari haqida onlayn murojaat yuborishi mumkin bo‘ladi.
Agar murojaat portal uchun mas’ul xodim, uning bevosita rahbari yoki tashkilot mansabdor shaxsiga taalluqli bo‘lsa, murojaat avtomatik ravishda yuqori turuvchi instantsiyaga yuboriladi.
Tekshiruv o‘tkazish, dalillarni yig‘ish, xulosa tayyorlash, axborot almashish va murojaatchi bilan muloqot qilish jarayonlarini ham portal orqali amalga oshirish rejalashtirilgan.
Tekshiruv natijalari, ko‘rilgan choralar va ularga kiritilgan o‘zgartishlarga oid ma’lumotlar tizimda saqlanadi va ularni yo‘q qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar murojaatda ma’muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat alomatlari aniqlansa, u «112» yagona dispetcherlik xizmati orqali vakolatli organga yuborilishi nazarda tutilgan.
Boshqaruv samaradorligi agentligi davlat organlari va tashkilotlarida dastur talablarining bir xil va to‘g‘ri bajarilishini portal orqali monitoring qiladi.
Aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish uchun Agentlik ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritish huquqiga ega bo‘ladi.
Tashkilotlarga ichki mehnat tartibi qoidalarida qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlangan jinsiy yoki jismoniy zo‘ravonlik va shahvoniy shilqimlik holatlarini mehnat majburiyatlarini bir marta qo‘pol buzish sifatida belgilash tavsiya etilgan.
Shuningdek, xodim tomonidan yoki xodimga nisbatan sodir etilgan tazyiq, ruhiy bosim, kamsitish, shuningdek, murojaat qilgani uchun ta’qib qilish holatlarini mehnat intizomini buzish deb baholash tavsiya qilingan.
Yangi tizimning asosiy maqsadi — xodimning ish joyida tahdid, bosim, kamsitish yoki zo‘ravonlikdan himoyalangan holda faoliyat yuritishini ta’minlash va murojaatlarni yopiq qoldirmasdan rasmiy tartibda ko‘rib chiqish mexanizmlarini yaratish.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21 sentyabrdagi PQ–345-son «Mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori.