Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 91038 marta o'qildi

Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga etgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar.

Ota va ona o‘z bolalariga nisbatan teng huquq va majburiyatlarga egadirlar.

Shaxs quyidagi hollarda to‘la muomalaga layoqatli deb topiladi:

  • voyaga etganda (18 yoshga to‘lganda);
  • voyaga etmagan shaxsni to‘la muomalaga layoqatli deb topish (emansipatsiya)
    • 16 yoshga to‘lgan voyaga etmagan shaxs mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlayotgan bo‘lsa yoki ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoxud homiysining roziligiga binoan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, u to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi mumkin.
    • voyaga etmagan shaxsni to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilish ota-onaning, farzandlikka oluvchilarning yoki homiyning roziligi bilan vasiylik va homiylik organining qaroriga muvofiq yoxud, bunday rozilik bo‘lmagan taqdirda, sudning qarori bilan amalga oshiriladi.
  • voyaga etmagan shaxs qonuniy nikoh munosabatlariga kirishganda.

Ota-ona, farzandlikka oluvchilar va homiy emansipatsiya qilingan voyaga etmaganning majburiyatlari bo‘yicha, xususan, u etkazgan zarar oqibatida kelib chiqqan majburiyatlar bo‘yicha javobgar bo‘lmaydilar.

Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik jarima solishga sabab bo‘ladi.


Ota-ona o‘z bolalarini tarbiyalash huquqiga ega va tarbiyalashi shart.

Ota-ona o‘z bolalarining tarbiyasi va kamoloti uchun javobgardir. Ular o‘z bolalarining sog‘lig‘i, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilishlari shart.

Ota-ona o‘z bolalarini tarbiyalashda boshqa barcha shaxslarga nisbatan ustun huquqqa ega.

Ota-ona bolalarining qonun hujjatlarida belgilangan zarur darajada ta’lim olishini ta’minlashi shart.

Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga etmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik jarimaga sabab bo‘ladi.


Bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish ularning ota-onasi zimmasiga yuklatiladi.

Ota-ona o‘z bolalarining qonuniy vakillari hisoblanadilar hamda har qanday jismoniy va yuridik shaxslar bilan bo‘lgan munosabatlarda, sudda alohida vakolatsiz ularning huquq va manfaatlarini himoya qiladilar.

Vasiylik va homiylik organi tomonidan ota-ona va bolalar manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik borligi aniqlanganda, ota-ona o‘z bolalarining manfaatlarini himoya qilishga haqli emas.

Ota-ona va bolalar o‘rtasida kelishmovchiliklar mavjud bo‘lganda vasiylik va homiylik organi bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun vakil tayinlashi shart.


Ota-ona bolani qonunga asoslanmasdan ushlab turgan har qanday shaxsdan uning qaytarilishini talab qilishga haqli. Nizo chiqqan taqdirda, ota-ona o‘z huquqlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishga haqli. Bu talablarni ko‘rishda sud bolani ota-onasiga qaytarish uning manfaatlariga zid degan xulosaga kelsa, bolaning fikrini hisobga olgan holda ota-onaning da’vosini rad qilishga haqli.

Agar sud ota-ona ham, bolani o‘z qaramog‘iga olgan shaxs ham bolaga lozim darajada tarbiya berishni hamda uni kamolotga etkazishni ta’minlay olmaydilar, deb topsa, bolani vasiylik va homiylik organi qaramog‘iga olib beradi.

Chat