Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 15698 marta o'qildi

Voyaga etmagan bolalar xususiy mulk egasi bo‘lish huquqiga egadirlar.

Voyaga etmagan bolalarning hadya, meros tariqasida olgan mol-mulki, shuningdek shaxsiy mehnati va tadbirkorlik faoliyati natijasida orttirgan mol-mulki ularning xususiy mulki hisoblanadi.         

Voyaga etmaganlarning tadbirkorlik faoliyatiga qo‘shgan mablag‘i va undan orttirgan daromadi, agar bola bilan ota-ona yoki oilaning boshqa a’zolari o‘rtasida boshqacha tartibni belgilovchi shartnoma bo‘lmasa, voyaga etmaganlarning xususiy mulki hisoblanadi.


Voyaga etmaganlarning shaxsiy foydalanishidagi buyumlari (kiyim-kechak, poyabzal, ishlab chiqarish qurollari, o‘quv anjomlari va boshqalar) ularning xususiy mulki hisoblanadi.

Xususiy mulk daxlsiz va davlat himoyasidadir.

Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda mulkidan mahrum etilishi mumkin

Mol-mulkni mulkdordan olib qo‘yish

Mol-mulkni mulkdordan olib qo‘yishga qonunlarda nazarda tutilgan hollarda va tartibda mulkdorning majburiyatlari bo‘yicha undiruv ana shu mol-mulkka qaratilgan taqdirda, shuningdek natsionalizatsiya qilish, rekvizitsiya va musodara qilish tartibida yo‘l qo‘yiladi.

Agar qonunga asosan shaxsga tegishli bo‘la olmaydigan mol-mulk uning mulki bo‘lib qolsa, ushbu mol-mulkka nisbatan mulk huquqi sud tartibida bekor qilinib, olib qo‘yilgan mol-mulkning qiymati shaxsga to‘lanadi.

Natsionalizatsiya

Fuqarolarga hamda yuridik shaxslarga qarashli natsionalizatsiya qilinayotgan mol-mulkka nisbatan mulk huquqini haq to‘lash asosida qonun hujjatlariga muvofiq davlat ixtiyoriga o‘tkazishdan iborat.

Mazkur mol-mulk keyinchalik denatsionalizatsiya qilingan taqdirda, agar qonunlarda o‘zgacha tartib belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, sobiq mulkdorlar ushbu mol-mulkning qaytarib berilishini talab qilishga haqlidirlar.

Rekvizitsiya

Tabiiy ofatlar, avariyalar, epidemiyalar, epizootiyalar yuz bergan taqdirda va favqulodda tusdagi boshqa vaziyatlarda mol-mulk jamiyat manfaatlarini ko‘zlab, davlat hokimiyati organi qaroriga muvofiq mulkdordan unga mol-mulkning qiymatini to‘lagan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va shartlar asosida olib qo‘yilishi mumkin.

Rekvizitsiya o‘tkazilishiga sabab bo‘lgan vaziyatlarning amal qilishi to‘xtaganidan keyin rekvizitsiya qilingan mol-mulkning sobiq egasi saqlanib qolgan mol-mulkni o‘ziga qaytarib berishni talab qilishga haqli.

Musodara

Qonunda nazarda tutilgan hollarda mol-mulk sudning qaroriga muvofiq jinoyat yoki o‘zga huquqbuzarlik qilganlik uchun haq to‘lamasdan mulkdordan olib qo‘yilishi mumkin.

Chat