Shrift o‘lchami
Ko‘rinish
Mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj voyaga etgan bolalar ota-onasidan, agar ular yo‘q bo‘lsa, qarindoshlari va boshqa shaxslardan o‘z ta’minoti uchun aliment talab qilish huquqiga ega.
Bunday hollarda aliment miqdori sud tomonidan aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning moddiy va oilaviy ahvoli hisobga olinib, pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanishi mumkin.
Ota-onasi yo‘q bo‘lgan yoki ulardan ta’minot ololmaydigan voyaga etmagan nevaralariga ta’minot berish majburiyati etarli mablag‘ga ega bo‘lgan bobo va buvi zimmasiga yuklatilishi mumkin. Voyaga etgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj nevaralarning ota-onasi, eri yoki xotini (sobiq eri yoki xotini) va voyaga etgan mehnatga layoqatli bolalari bo‘lmasa yoxud ulardan ta’minot uchun mablag‘ ololmasa, ularga nisbatan ham bu majburiyat bobo va buvining zimmasiga sud tomonidan yuklatilishi mumkin.
O‘zlarining voyaga etgan bolalaridan yoxud eri yoki xotinidan (sobiq eri yoki xotinidan) ta’minot ololmaydigan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bobo va buviga ta’minot berish majburiyati etarli mablag‘ga ega bo‘lgan voyaga etgan mehnatga layoqatli nevaralar zimmasiga sud tomonidan yuklatilishi mumkin.
Ota-onasi yo‘q bo‘lgan yoki ulardan ta’minot ololmaydigan voyaga etmagan aka-uka va opa-singillariga ta’minot berish majburiyati etarli mablag‘ga ega bo‘lgan aka-uka va opa-singillar zimmasiga sud tomonidan yuklatilishi mumkin. Voyaga etgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj aka-uka va
opa-singillarning ota-onasi, eri yoki xotini (sobiq eri yoki xotini) va voyaga etgan mehnatga layoqatli bolalari bo‘lmasa yoxud ulardan ta’minot uchun mablag‘ ololmasa, ularga nisbatan ham bu majburiyat aka-uka va opa-singillarning zimmasiga sud tomonidan yuklatilishi mumkin.
Mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj eri yoki xotini (sobiq eri yoki xotini) yoki voyaga etgan mehnatga layoqatli bolalari bo‘lmagan yoxud ulardan ta’minot uchun mablag‘ ololmaydigan, amalda ularni tarbiyalaganlarga ta’minot berish majburiyati ularning doimiy tarbiyasi va ta’minotida bo‘lgan shaxslar zimmasiga sud tomonidan yuklatilishi mumkin. Bunday majburiyat vasiylikda (homiylikda) turgan shaxslar zimmasiga yuklatilmaydi. Sud tarbiyada bo‘lganlarni, agar ular tarbiyachilarning tarbiyasi va ta’minotida 5 yildan kam turgan bo‘lsa, mazkur majburiyatdan ozod qilishga haqli.