Mehnat shartnomasida quyidagilar belgilanadi
- ish joyi (korxona yoki uning bo‘linmasi);
- xodimning mehnat vazifasi mutaxassisligi, malakasi, u ishlaydigan lavozim;
- ishning boshlanish kuni;
- mehnat shartnomasi muayyan muddatga tuzilganda, uning amal qilish muddati;
- mehnat haqi miqdori va mehnatning boshqa shartlari.
Mehnat shartnomasida xodimlarning mehnat huquqlari va kafolatlari darajasi pasaytirilishi mumkin emas.
Mehnat shartnomasining shakli
- Mehnat shartnomasi yozma shaklda ikki nusxada tuziladi va bir nusxasi xodimga beriladi.Mehnat shartnomasi xodim va ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxsning imzolari bilan mustahkamlanib, imzolangan muddati qayd etib qo‘yiladi. Mansabdor shaxsning imzosi korxona muhri bilan (muhr mavjud bo‘lgan taqdirda) tasdiqlanadi.
Mehnat shartnomasining muddati
Mehnat shartnomalari:
- nomuayyan muddatga;
- 5 yildan ortiq bo‘lmagan muayyan muddatga;
- muayyan ishni bajarish vaqtiga mo‘ljallab tuzilishi mumkin.
Muddatli mehnat shartnomalari quyidagi hollardagina tuzilishi mumkin:
- nomuayyan muddatga mo‘ljallangan mehnat shartnomalarini tuzish mumkin bo‘lmagan hollarda;
- tashkilot rahbari, uning o‘rinbosarlari, bosh buxgalter (bosh buxgalter vazifasini bajaruvchi) bilan.
Xodim tashabbusi bilan mehnat shartlarini o‘zgartirish
- Xodim mehnat shartlarini o‘zgartirishni talab qilishga haqlidir va bunday ariza 3 kundan kechiktirmay ish beruvchi tomonidan ko‘rib chiqilishi shart.
- Mehnat shartlarini o‘zgartirish haqidagi talab rad etilgan taqdirda, rad etish sabab yozma shaklda ma’lum qilinishi shart.
- Mehnat shartlarini rad etganlik ustidan tegishli organlarga shikoyat qilish mumkin.
Xodimning roziligisiz mehnat shartnomasini o‘zgartirish
Quyidagi hollarda mehnat shartlarini o‘zgartirish uchun xodimning roziligi talab etilmaydi:
- texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar;
- ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarganligi.
Mehnat shartlaridagi o‘zgarishlar haqida xodim kamida 2 oy oldin yozma ravishda ogohlantirilishi va tilxat olinishi shart. Mazkur muddat xodimning roziligi bilan qisqartirilishi mumkin.
Mehnat shartnomasida shartlashib olinmagan ish joyini o‘zgartirishni xodim bilan kelishish talab qilinmaydi.
Boshqa ishga o‘tkazish
- mehnat shartnomasida belgilab qo‘yilgan ishni davom ettirishning imkoni bo‘lmagan hollarda xodimga boshqa mutaxassislik, malaka, lavozimga oid ishni topshirishga faqat uning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi;
- xodimning boshqa ishga o‘tkazish haqidagi iltimosi (bunday ish korxonada mavjud bo‘lsa);
- vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish uchun uzrli sabablar ro‘yxati jamoa shartnomasida, jamoa shartnomasi bo‘lmasa ish beruvchi tomonidan xodimlarning vakillik organi bilan kelishib belgilanadi;
- ishlab chiqarish zaruriyati yoki bekor turib qolinishi munosabati bilan xodimni uning roziligisiz vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish mumkin. Bunday holda xodim sog‘lig‘iga to‘g‘ri kelmaydigan ishga o‘tkazilishi mumkin emas.
Mehnat shartlarini o‘zgartirish, shuningdek ish joyini o‘zgartirish ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.