Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 9707 marta o'qildi

Lombard qanday xizmat ko‘rsatadi?

Lombard jismoniy shaxslarga shaxsiy iste’mol uchun mo‘ljallangan ko‘char mol-mulkni garovga qo‘yish evaziga mikroqarz beradi, shuningdek ashyolarni vaqtincha saqlash uchun qabul qilishi mumkin.

Jismoniy shaxsga beriladigan mikroqarz miqdori 100 mln so‘mdan oshmasligi kerak. Mikroqarz to‘lovlilik, muddatlilik va qaytarish shartlari asosida beriladi.

Lombardga qanday hujjat bilan murojaat qilinadi?

Lombard jismoniy shaxs bilan shartnoma tuzishda shaxsni tasdiqlovchi quyidagi hujjatlardan birini qabul qiladi:

  • pasport yoki ID-karta;
  • milliy haydovchilik guvohnomasi;
  • chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning yashash guvohnomasi yoki ID-kartasi;
  • harbiy xizmatchining shaxsiy guvohnomasi.

Zarur hollarda lombard garovga yoki saqlashga topshirilayotgan ashyoga egalik huquqini tasdiqlovchi hujjat yoki boshqa dalilni ham talab qilishi mumkin.

Mikroqarz va garov qanday rasmiylashtiriladi?

Mikroqarz berish lombard bilan jismoniy shaxs o‘rtasida tuziladigan mikroqarz shartnomasi va garov shartnomasi asosida amalga oshiriladi.

Garov lombard tomonidan belgilangan shakldagi garov pattasi berish orqali rasmiylashtiriladi. Garovga topshirilayotgan ashyoning qiymati lombard va mijozning kelishuviga ko‘ra belgilanadi.

Lombard garovga olingan ashyoni qanday saqlashi kerak?

Lombard:

  • garov narsasining xavfsiz saqlanishini ta’minlashi;
  • uning yo‘qolishi yoki shikastlanishi xavfi paydo bo‘lsa, mijozni darhol xabardor qilishi;
  • mikroqarz bo‘yicha majburiyatlar bajarilganda ashyoni darhol qaytarishi;
  • garovga qabul qilingan ashyoni o‘z hisobidan, uning to‘liq qiymati miqdorida sug‘urtalashi;
  • mijoz talab qilganda majburiyatlar qisman yoki to‘liq bajarilganini tasdiqlovchi ma’lumotnoma berishi shart.

Agar lombardga garovga yoki saqlash uchun topshirilgan ashyo yo‘qolsa yoki shikastlansa, lombard bu holat engib bo‘lmas kuch oqibatida yuz berganini isbotlay olmasa, etkazilgan mulkiy zarar qoplanadi. Kelishuvga erishilmasa, masala sud tartibida hal qilinadi.

Qarz qaytarilmasa, garovdagi ashyoga nima bo‘ladi?

Qonunchilik va shartnoma shartlariga muvofiq garovdagi ashyo realizatsiya qilinishi mumkin.

Uni sotishdan tushgan mablag‘, agar shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, mikroqarz, hisoblangan foizlar, neustoyka va tegishli xarajatlarni qoplashga yo‘naltiriladi.

Agar ashyoni sotishdan tushgan mablag‘ lombard talablaridan ortiq bo‘lsa, qolgan summa mijozga qaytariladi.

Mijoz mikroqarz shartlarini oldindan bilishga haqlimi?

Ha. Lombard mikroqarzning:

  • miqdori va muddati;
  • foiz stavkasi;
  • to‘liq qiymati;
  • qaytarish tartibi;
  • ta’minot turi;
  • kechiktirilganda kelib chiqadigan oqibatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ochiq taqdim etishi kerak. Shartnoma tuzishdan oldin mijozga xizmat shartlari va qiymati haqida to‘liq va ishonchli axborot berilishi shart.

Lombard kredit buyurtmasini ko‘rib chiqqanlik, ssuda hisobvarag‘iga xizmat ko‘rsatganlik yoki mikroqarz ajratganlik uchun alohida haq undirishi, shuningdek mikroqarzni muddatidan oldin qaytarganlik uchun neustoyka belgilashi mumkin emas.

Mikroqarzni muddatidan oldin qaytarish mumkinmi?

Ha. Mijoz mikroqarzni muddatidan oldin qaytarishga va faqat mablag‘dan haqiqatda foydalangan davr uchun hisoblangan foizlarni to‘lashga haqli.

Shuningdek shartnoma tuzilganidan keyin 2 hafta ichida lombardni yozma ravishda xabardor qilib, mikroqarzning foydalanilmagan qismidan jarimasiz voz kechish mumkin.

Eslatma: ashyoni garovga qo‘yishdan oldin faqat olinadigan pul miqdoriga emas, balki mikroqarzning to‘liq qiymati, foiz stavkasi, qaytarish muddati va garovni realizatsiya qilish shartlariga ham e’tibor bering.

Chat