Ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam — profilaktika, tashxis qo‘yish va davolashning maxsus usullari yoki murakkab tibbiy texnologiyalarni talab qiladigan kasalliklarda ko‘rsatiladigan tibbiy yordam.
Bunday yordam davolash-profilaktika muassasalarida tegishli mutaxassis shifokorlar tomonidan ko‘rsatiladi. Uning turlari, hajmi va sifat standartlarini Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilaydi.
Davlat byudjeti hisobidan rejali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam olish uchun bemor avval o‘zi biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasiga murojaat qiladi.
Oilaviy shifokor bemorni ko‘rikdan o‘tkazib, tibbiy ko‘rsatma mavjud bo‘lsa, bir ish kunida tuman yoki shahar darajasidagi tor soha mutaxassisiga yo‘naltiradi.
Tor soha mutaxassisi bemorni bir ish kunida amaldagi klinik protokollar va tashxislash-davolash standartlari asosida ko‘rikdan o‘tkazadi.
Agar yuqori bosqichda statsionar davolanishga ehtiyoj bo‘lmasa, bemorga ambulator davolash bo‘yicha tavsiya beriladi. Agar hududiy yoki respublika darajasidagi ixtisoslashtirilgan yordam zarur bo‘lsa, ma’lumotlar elektron tizim orqali keyingi bosqichga yuboriladi.
Bemorning tashxisi va holati yuqori bosqichda davolashni talab qilsa, tor soha mutaxassisi bir ish kunida tegishli tibbiy-tanlov komissiyasiga elektron so‘rovnoma yuboradi.
Hududiy komissiya ma’lumotlarni bir ish kunida o‘rganadi. Respublika darajasida yordam talab etilganda ma’lumotlar tegishli respublika komissiyasiga elektron tarzda o‘tkaziladi.
Davlat byudjeti hisobidan hududiy va respublika darajasida yordam olish huquqi bemorning toifasi, tashxisi va amaldagi davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmiga qarab belgilanadi. Tegishli ma’lumotlar elektron tizimda tekshiriladi.
Belgilangan hollarda bemor yoki uning qonuniy vakili Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzgan tibbiyot tashkilotlari orasidan tashxisiga mos davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotini tanlashi mumkin.
Tanlash uchun 30 kun muddat beriladi.
Rejali tibbiy yordam uchun tegishli yo‘llanmasiz tibbiyot tashkilotiga bevosita murojaat qilinsa, xizmat pulli asosda ko‘rsatiladi.
Eslatma: shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam bundan mustasno.