Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 141616 marta o'qildi

To‘lov miqdori nimaga bog‘liq?

Ota-onalar to‘lovi:

  • bog‘cha joylashgan hududga;
  • bolaning guruhda necha soat bo‘lishiga;
  • bir oiladan nechta bola davlat bog‘chasiga qatnashiga qarab belgilanadi.

Jadvalda birinchi summa — oiladan bitta bola qatnaganda, ikkinchi summa — bir oiladan ikki yoki undan ortiq bola qatnaganda har bir bola uchun to‘lov miqdori.

Hudud

4–5 soat

9 soat

10,5 soat

12 soat

24 soat

Toshkent shahri

51 000 / 34 000

272 000 / 194 000

324 000 / 231 000

367 000 / 260 000

387 000 / 276 000

Viloyat markazlari

47 100 / 33 000

263 000 / 186 000

315 000 / 223 000

348 000 / 245 000

368 000 / 263 000

Viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar

42 000 / 31 000

242 000 / 172 000

272 000 / 194 000

312 000 / 222 000

328 000 / 232 000

Tuman markazlari

38 000 / 26 000

178 000 / 134 000

242 000 / 183 000

275 000 / 206 000

292 000 / 219 000

Boshqa joylar

34 000 / 24 000

125 000 / 101 000

220 000 / 176 000

259 000 / 194 000

272 000 / 205 000

Ushbu miqdorlar 2025-yil 1 yanvardan amal qiladi.

To‘lov qachon amalga oshiriladi?

To‘lov har oyning 15-sanasidan kechiktirmay amalga oshiriladi.

Bola oyning 15-sanasidan keyin bog‘chaga qabul qilinsa, to‘lov bola kelgan kundan boshlab 3 kun ichida va shu oyda qatnashadigan kunlarga mutanosib ravishda to‘lanadi.

To‘lov naqd, bank kartasi, pul o‘tkazmasi yoki elektron to‘lov orqali amalga oshirilishi mumkin.

Bola bog‘chaga kelmasa to‘lov qayta hisoblanadimi?

Bola ketma-ket uch kundan ortiq:

  • o‘zi yoki oila a’zosi kasal bo‘lgani;
  • karantin;
  • ota-onasining mehnat yoki o‘qish ta’tili;
  • oldindan yozma xabar berilgan boshqa sabab bilan bog‘chaga kelmasa, to‘langan summa keyingi to‘lovda qayta hisoblanadi.

Kasallik yoki karantin tibbiy ma’lumotnoma bilan tasdiqlanadi. Boshqa sabablar bo‘yicha oldindan yozma ariza berish kerak va bunday qatnashmaslik bir yilda 60 kundan oshmasligi lozim.

Qayta hisoblash — bola uzrli sabab bilan qatnashmagan kunlar uchun to‘langan summani keyingi oy to‘lovidan chegirish.

To‘lov o‘z vaqtida to‘lanmasa nima bo‘ladi?

Belgilangan muddat o‘tganidan keyin to‘lov yana ikki hafta uzrli sababsiz to‘lanmasa, ota-ona bilan tuzilgan shartnoma to‘xtatilishi va bolaning bog‘chaga qatnashi bekor qilinishi mumkin.

Qarz 60 kun ichida to‘lansa, bolani bog‘chaga tiklash majburiy. 60 kundan keyin tiklash yangi qabul uchun belgilangan umumiy tartibda amalga oshiriladi.

Kimlar to‘lovdan ozod etiladi?

Bog‘chadagi bolalar umumiy sonining 15 foizi doirasida Ijtimoiy reestrga kiritilgan ehtiyojmand oilalar farzandlari ota-onalar to‘lovidan ozod etiladi.

Kvotadan qat’i nazar quyidagilarning farzandlari ham to‘lovdan ozod qilinadi:

  • boquvchisini yo‘qotgan ayollar;
  • Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga joylashtirilgan xotin-qizlar;
  • Vatan himoyasi yo‘lida olgan jarohati, kontuziyasi yoki mayibligi oqibatida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar.

Qonunchilikda belgilangan ayrim alohida ta’lim ehtiyojlari va tibbiy holatlarga ega bolalar uchun ham to‘lov imtiyozlari mavjud.

Chat