Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 44622 marta o'qildi

Ijro ishida kimlar taraf hisoblanadi?

Ijro ishi yuritishda asosiy taraflar — undiruvchi va qarzdor.

Undiruvchi — ijro hujjati kimning foydasiga yoki manfaatini ko‘zlab berilgan bo‘lsa, o‘sha shaxs.

Qarzdor — ijro hujjatiga ko‘ra muayyan pul mablag‘ini to‘lashi, mol-mulkni berishi, muayyan harakatni bajarishi yoki uni bajarishdan tiyilishi shart bo‘lgan shaxs.

Undiruvchi ham, qarzdor ham ijro ishida qonunda belgilangan huquq va majburiyatlarga ega.

Ijro ishi qanday boshlanadi?

Tegishli talablarga javob beradigan ijro hujjati Majburiy ijro byurosiga kelib tushgach, davlat ijrochisi uni olgan paytdan e’tiboran 1 ish kuni ichida ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish haqida qaror chiqaradi.

Umumiy tartibda qarzdorga ijro hujjati talablarini ixtiyoriy bajarish uchun ijro ishi qo‘zg‘atilgan kundan boshlab ko‘pi bilan 15 kun muddat beriladi.

Agar talab shu muddatda bajarilmasa, majburiy ijro choralari qo‘llanilishi, shuningdek ijro yig‘imi va ijro bilan bog‘liq boshqa xarajatlar undirilishi mumkin.

Undiruvchi va qarzdor qanday huquqlarga ega?

Taraflar:

  • ijro ishi materiallari bilan tanishish;
  • ulardan ko‘chirma va nusxalar olish;
  • qo‘shimcha hujjat va materiallar taqdim etish;
  • iltimosnomalar berish;
  • ijro harakatlarida ishtirok etish;
  • og‘zaki va yozma tushuntirish berish;
  • o‘z vajlari va fikrlarini bildirish;
  • boshqa ishtirokchilarning iltimosnoma va vajlariga e’tiroz bildirish;
  • rad qilish haqida talab bildirish;
  • davlat ijrochisining qarori, harakati yoki harakatsizligi ustidan shikoyat qilish huquqiga ega.

Shu bilan birga, taraflar ijro ishi yuritish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etishi va davlat ijrochisining qonuniy talablarini bajarishi shart.

Ijro ishida vakil qatnashishi mumkinmi?

Jismoniy shaxs ijro ishida shaxsan yoki vakili orqali ishtirok etishi mumkin. Shaxsan ishtirok etish uni vakilga ega bo‘lish huquqidan mahrum qilmaydi.

Biroq ijro hujjatida qarzdorning faqat o‘zi shaxsan bajarishi mumkin bo‘lgan majburiyat belgilangan bo‘lsa, uni vakil orqali bajarib bo‘lmaydi.

Yuridik shaxs nomidan qatnashuvchi vakil o‘z vakolatini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lishi kerak. Ayrim muhim harakatlar, masalan, ijro hujjatini qaytarib olish, undiruvdan voz kechish, shikoyat qilish yoki undirilgan mol-mulkni olish uchun vakilning vakolati ishonchnomada maxsus ko‘rsatilishi lozim.

Ijroni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkinmi?

Ha. Ijro harakatlarini bajarishga to‘sqinlik qiladigan ob’ektiv holatlar mavjud bo‘lsa:

  • ijroni kechiktirish;
  • bo‘lib-bo‘lib ijro etish;
  • ijro usuli yoki tartibini o‘zgartirish so‘ralishi mumkin.

Bu masala yuzasidan davlat ijrochisi yoki taraflar ijro hujjatini bergan sud yoxud boshqa organga murojaat qilishi mumkin.

Bo‘lib-bo‘lib ijro etish belgilangan bo‘lsa, qarzdor to‘lovlarni qarorda belgilangan qismlar va muddatlar bo‘yicha amalga oshiradi.

Kafolat mablag‘ini kiritish nima beradi?

Qarzdor mulkiy xususiyatdagi sud hujjati bo‘yicha bajarilishi lozim bo‘lgan majburiyatning to‘liq yoki bajarilmay qolgan qismini MIBning depozit hisobvarag‘iga kafolat mablag‘i sifatida kiritishi mumkin.

Bunday mablag‘ni kiritish ijro ishini to‘xtatib turish hamda qarzdor va uning mol-mulkiga nisbatan belgilangan ayrim cheklovlarni bekor qilish uchun asos bo‘ladi. Bu tartib davriy to‘lovlarni undirish haqidagi sud hujjatlariga tatbiq etilmaydi.

Qarzdorning chetga chiqishi qachon cheklanishi mumkin?

Sud hujjati asosida berilgan ijro hujjati talabi qarzdor jismoniy shaxs tomonidan belgilangan muddatda uzrsiz sabablarga ko‘ra bajarilmasa, davlat ijrochisi undiruvchining arizasiga ko‘ra yoki o‘z tashabbusi bilan qarzdorning O‘zbekistondan chiqishini vaqtincha cheklashi mumkin.

Jarima tariqasidagi jinoiy jazoni ijro etish ishlari bundan mustasno.

Chiqishni cheklash to‘g‘risidagi qaror katta davlat ijrochisi tomonidan tasdiqlanadi. Qaror nusxasi qarzdorga, ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasiga hamda DXX Chegara qo‘shinlariga yuboriladi.

Agar ijro hujjati sud hujjati bo‘lmasa va sud hujjati asosida berilmagan bo‘lsa, chiqishni cheklash uchun undiruvchi sudga murojaat qilishi mumkin.

Davlat ijrochisi ustidan qanday shikoyat qilinadi?

Davlat ijrochisining qarori, harakati yoki harakatsizligi ustidan:

  • davlat ijrochisi joylashgan erdagi ma’muriy sudga;
  • yoki bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organ yoki mansabdor shaxsga shikoyat qilish mumkin.

Shikoyat qaror haqida xabar berilgan kundan yoki shaxs o‘z huquqi buzilganini bilgan paytdan boshlab 10 kun ichida berilishi kerak.

Eslatma: davlat ijrochisi qarori yoki harakatiga norozi bo‘lsangiz, 10 kunlik shikoyat muddatini o‘tkazib yubormaslik muhim.

Chat