Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 23269 marta o'qildi

Sotuvchi chek berishi shartmi?

Ha. Oldi-sotdi amalga oshirilganda iste’molchiga kassa yoki tovar cheki berilishi shart. Tovarni kassa yoki tovar chekini bermasdan sotish qonun bilan taqiqlangan.

Chek xarid amalga oshirilgani, tovarning qiymati va to‘lov vaqti kabi ma’lumotlarni tasdiqlovchi muhim hujjat hisoblanadi.

Kassa va tovar chekida qanday ma’lumot bo‘ladi?

Qonunga ko‘ra:

Kassa cheki — tovar yoki xizmat uchun haq to‘langanligini tasdiqlaydigan, tovar yoki xizmatning bahosi, to‘lov sanasi hamda kassa apparati raqami ko‘rsatilgan hujjat.

Tovar cheki — tovar yoki xizmat uchun haq to‘langanligini tasdiqlaydigan, tovar yoki xizmatning bahosi, to‘lov sanasi, sotuvchining nomi va joylashgan eri haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan hujjat.

Onlayn nazorat-kassa mashinasi yoki virtual kassa orqali beriladigan fiskal chekda qonunchilikda belgilangan boshqa rekvizitlar ham, jumladan to‘lov sanasi va vaqti, fiskal modulь raqami, fiskal belgi va QR-kod ko‘rsatiladi.

Chekni saqlab qo‘yish kerakmi?

Ayniqsa kafolat muddati belgilangan tovarlar uchun chekni saqlash maqsadga muvofiq. U tovar qaerdan va qachon xarid qilingani, uning qiymati hamda sotuvchi bilan oldi-sotdi munosabati mavjudligini tasdiqlashda muhim dalil bo‘ladi.

Kafolatli tovarga nisbatan talab qo‘yilganda qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda kassa yoki tovar cheki bilan birga tovarning kafolat hujjati yoki texnik pasporti ham ahamiyatga ega.

Chek berilmasa nima qilish mumkin?

Xaridor birinchi navbatda sotuvchidan kassa yoki tovar chekini berishni talab qilishga haqli. Chek berilmasdan savdo qilinishi nazorat-kassa texnikasidan foydalanish qoidalari buzilishiga olib kelishi mumkin.

Bunday holat yuzasidan soliq organlariga murojaat qilish mumkin. Fiskal chekdagi QR-kod esa chekning haqiqiyligini elektron tarzda tekshirish imkonini beradi.

Eslatma: kafolatli yoki qimmat tovar xarid qilinganda chekni kafolat hujjatlari bilan birga saqlash keyinchalik talab qo‘yishni ancha osonlashtiradi.

Chat