Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 38675 marta o'qildi

Reklamaga qanday umumiy talablar qo‘yiladi?

O‘zbekiston hududida reklama davlat tilida tarqatiladi. Qonun talablariga rioya qilingan holda reklama mazmunining tarjimasi boshqa tillarda ham takror berilishi mumkin.

Agar reklama qilinayotgan faoliyat litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni talab qilsa, reklama beruvchi reklama tayyorlovchi yoki tarqatuvchiga tegishli hujjatni taqdim etishi shart. Majburiy sertifikatlanishi lozim bo‘lgan tovar reklama qilinganda tegishli sertifikat ham taqdim etiladi.

Alkogolь mahsulotlarini reklama qilish mumkinmi?

Umumiy qoidaga ko‘ra, har qanday quvvatdagi alkogolь mahsulotlarini reklama qilish taqiqlanadi. Biroq pivo, tabiiy va ko‘piklanadigan vinolar uchun istisno mavjud.

Ularni:

  • mehmonxonalarda;
  • savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarining savdo zallarida;
  • mahsulotni namoyish qilish va tatib ko‘rish joylarida;
  • ishlab chiqaruvchi va sotuvchilarning rasmiy veb-sahifalarida yoshga oid tasnifni ko‘rsatgan holda;
  • temir yo‘l va havo transportida;
  • televidenie va radioda soat 23:00 dan 07:00 gacha reklama qilish mumkin.

Bunday reklama maydoni yoki vaqtining kamida 10 foizi mahsulotni haddan ziyod iste’mol qilish zarari haqidagi ogohlantirish va uni iste’mol qilishi tavsiya etilmaydigan shaxslar haqidagi ma’lumotga ajratilishi kerak.

Reklamada alkogolь iste’mol qilish jarayoni yoki inson obrazidan foydalanish, mahsulotni bezarar yoki muvaffaqiyatga olib keluvchi vosita sifatida ko‘rsatish mumkin emas. Rag‘batlantiruvchi aktsiyalar va madaniy-ko‘ngilochar, ommaviy hamda sport tadbirlariga homiylik qilish ham taqiqlangan.

Tamaki va nikotin mahsulotlari reklamasiga ruxsat beriladimi?

Yo‘q. Tamaki mahsulotlari, shuningdek tamaki va nikotinni iste’mol qilish moslamalarini reklama qilish taqiqlangan.

Ularni sotishni rag‘batlantirish maqsadida:

  • namunalarini bepul tarqatish;
  • chegirma berish;
  • tovar belgisi yoki tasviridan foydalanilgan tadbirlarga homiylik qilish;
  • brend belgilari tushirilgan tovarlarni tarqatish;
  • qonun bilan taqiqlangan boshqa reklama aktsiyalarini o‘tkazish ham mumkin emas.

Energetik ichimliklar reklamasi qanday cheklangan?

Energetik ichimlik reklamasida ularni haddan ziyod iste’mol qilish zarari va bunday ichimliklar tavsiya etilmaydigan shaxslar haqida majburiy ogohlantirish bo‘lishi kerak.

Quyidagilar taqiqlanadi:

  • televidenie va radioda soat 07:00 dan 22:00 gacha reklama qilish;
  • tashqi reklama konstruktsiyalarida joylashtirish;
  • voyaga etmaganlarga reklama qilish yoki ularga bepul namuna tarqatish;
  • voyaga etmaganlar uchun mo‘ljallangan tadbirlarga brenddan foydalangan holda homiylik qilish;
  • bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan bosma nashrlarda, tibbiyot, sport va ta’lim muassasalarida reklama qilish;
  • energetik ichimliklar ishtirokida rag‘batlantiruvchi aktsiyalar o‘tkazish.
Chat