Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 116244 marta o'qildi

Jismoniy shaxslarning daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlar quyidagicha beriladi:

jismoniy shaxslar daromadlarining ayrim turlarini soliq solishdan ozod qilish

Jismoniy shaxslarning quyidagi daromadlariga soliq solinmaydi:

1)  moddiy yordam summalari:

  • vafot etgan xodimning oila a’zolariga yoki oila a’zosi vafot etganligi munosabati bilan xodimga beriladigan moddiy yordam summalari – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 4,22 baravarigacha miqdorda;
  • soliq kodeksning 377-moddasida ko‘rsatilgan boshqa hollarda, – soliq davri uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining – 4,22 baravarigacha miqdorda;

2) soliq agenti tomonidan quyidagi yo‘llanmalar qiymatini to‘liq yoki qisman qoplash summalari, bundan turistik yo‘llanmalar mustasno:

  • O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan sanatoriy-kurort va sog‘lomlashtirish muassasalariga yo‘llanmalar qiymatini nogironligi bo‘lgan shaxslarga, shu jumladan ushbu ish beruvchida ishlamaydigan nogironligi bo‘lgan shaxslarga to‘liq yoki qisman qoplash summalari;
  • O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan bolalar oromgohlari va boshqa sog‘lomlashtirish oromgohlari, shuningdek sanatoriy-kurort hamda sog‘lomlashtirish muassasalariga o‘z xodimlarining
    o‘n olti yoshgacha bolalari (o‘qiydiganlarga – o‘n sakkiz yoshgacha) uchun yo‘llanmalar qiymatini to‘liq yoki qisman qoplash summalari;

3) o‘z xodimlariga hamda ularning bolalariga ambulatoriya va (yoki) statsionar tibbiy xizmat ko‘rsatilganligi uchun ish beruvchi tomonidan to‘langan summalar, shuningdek ish beruvchining davolashga hamda tibbiy xizmat ko‘rsatishga, nogironlik profilaktikasi va nogironligi bo‘lgan shaxslarning salomatligini tiklashga doir texnik vositalarni olishga oid xarajatlari. Xodimlarni davolaganlik, ularga tibbiy xizmat ko‘rsatganlik uchun ish beruvchilar tomonidan sog‘liqni saqlash muassasalariga naqd pulsiz haq to‘langan taqdirda, shuningdek sog‘liqni saqlash tashkilotlari tomonidan yozib berilgan hujjatlar asosida ushbu maqsadlar uchun mo‘ljallangan naqd pul mablag‘lari bevosita xodimga, xodim yo‘qligida esa – uning oila a’zolariga, ota-onasiga berilgan yoki mazkur maqsadlar uchun mo‘ljallangan mablag‘lar xodimning bankdagi hisobvarag‘iga kiritilgan taqdirda, bu daromadlar soliq solishdan ozod qilinadi;

4) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga ishlash uchun yuborilishi munosabati bilan qonun hujjatlarida belgilangan summalar doirasida byudjet tashkilotlaridan chet el valyutasida olingan ish haqi summalari va boshqa summalar;

5) vaqtinchalik bir martalik ishlarni bajarishdan olingan daromadlar, agar bunday ishlarga yollash vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta’minlash markazlari ko‘magida amalga oshirilayotgan bo‘lsa; va boshkalar.

daromad solig‘i to‘lashdan ozod qilingan shaxslar doirasini aniqlash

Soliq solishdan quyidagi jismoniy shaxslar ozod qilinadi:

  1. chet davlatlar diplomatik vakolatxonalarining boshliqlari va xodimlari, konsullik muassasalarining mansabdor shaxslari, ularning o‘zlari bilan birga yashaydigan oila a’zolari, agar ular O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lmasa – O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan olinadigan, diplomatlik va konsullik xizmati bilan bog‘liq bo‘lmagan daromadlaridan tashqari barcha daromadlari bo‘yicha;
  2. chet davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining ma’muriy-texnik xodimlari hamda ularning o‘zlari bilan birga yashaydigan oila a’zolari, agar ular O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmasa yoki O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashamasa, – O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan olinadigan, diplomatlik va konsullik xizmati bilan bog‘liq bo‘lmagan daromadlaridan tashqari barcha daromadlari bo‘yicha;
  3. chet davlatlarning diplomatik vakolatxonalariga, konsullik muassasalariga xizmat ko‘rsatadigan xodimlar tarkibiga kirgan shaxslar, agar ular O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmasa yoki O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashamasa – o‘z xizmati yuzasidan oladigan barcha daromadlari bo‘yicha; va boshkalar.

daromad solig‘i to‘lashdan qisman ozod qilingan shaxslar doirasini aniqlash

Quyidagi soliq to‘lovchilar qisman (daromadlar qaysi oyda olingan bo‘lsa, o‘sha oyda har bir oy uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,41 baravari miqdoridagi daromadlar bo‘yicha) soliq solishdan ozod etiladi:

  1. «O‘zbekiston Qahramoni», Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor bo‘lgan shaxslar, uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan taqdirlangan shaxslar. Bu imtiyoz tegishincha «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni berilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni daftarchalari, orden daftarchasi yoki mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limning ma’lumotnomasi asosida beriladi;
  2. urush nogironlari va ishtirokchilari, shuningdek ularga tenglashtirilgan va doirasi qonun hujjatlarida belgilanadigan shaxslar. Bu imtiyoz urush nogironining (ishtirokchisining) tegishli guvohnomasi yoki mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limning yoxud boshqa vakolatli organning ma’lumotnomasi asosida, boshqa nogironlarga (ishtirokchilarga) nogironning (ishtirokchining) imtiyozlarga bo‘lgan huquqi to‘g‘risidagi guvohnoma asosida beriladi ;
  3. bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar. Bu imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi asosida beriladi; va boshkalar.


Ahamiyat bering!

  • Soliq imtiyozlari tegishli hujjatlar taqdim etilgan taqdirda qo‘llaniladi.
  • Soliq imtiyoziga bo‘lgan huquq kalendarь yil davomida vujudga kelgan taqdirda, soliq imtiyozi unga bo‘lgan huquqlar vujudga kelgan paytdan e’tiboran qo‘llaniladi.
  • Agar soliq to‘lovchi bir nechta asos bo‘yicha soliq imtiyoziga doir huquqqa ega bo‘lsa, unga xohishiga qarab faqat bitta soliq imtiyozi beriladi.
  • Soliq imtiyozini qo‘llash soliq to‘lovchining asosiy ish (xizmat, o‘qish) joyi bo‘yicha, asosiy ish joyi mavjud bo‘lmagan taqdirda esa – yashash joyidagi soliq organlari tomonidan jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida soliqni hisoblab chiqarish chog‘ida amalga oshiriladi. Soliq imtiyoziga bo‘lgan huquq yo‘qotilgan taqdirda, soliq to‘lovchi imtiyozga bo‘lgan huquqni yo‘qotgan paytidan e’tiboran o‘n besh kun ichida bu haqda undan soliqni ushlab qoladigan yuridik shaxsga ma’lum qilishi kerak.
Chat