Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 192650 marta o'qildi

Murojaat qilish tartibi

Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish haqidagi ariza shaxs 16 yoshga to‘lgandan keyin FHDYo organi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Ariza beruvchi yashash yoki turgan joyi bo‘yicha doimiy yoxud vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan manzilidan qat’i nazar istalgan FHDYo organiga murojaat qilishi mumkin.

O‘zgartirish uchun asoslar

Familiya, ism yoki ota ismini o‘zgartirish, jumladan:

  • tarixiy va milliy an’analarga muvofiq yozish;
  • familiya yoki ismning eshitilishda yoqimsizligi;
  • ism yoki familiyaning shaxs millatiga muvofiq emasligi;
  • nikohgacha bo‘lgan familiyaga qaytish;
  • er-xotin uchun umumiy familiyani qabul qilish;
  • ota yoki ona bilan bir xil familiyada bo‘lish;
  • sudning qonuniy kuchga kirgan qarori;
  • qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa asoslar bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin.

Taqdim etiladigan hujjatlar

Holatga qarab quyidagilar taqdim etiladi:

  • nikoh tuzilganligi yoki nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnoma;
  • voyaga etmagan bolalarning tug‘ilganlik guvohnomalari;
  • voyaga etmagan yoki muomalaga layoqatsiz arizachi uchun ota-ona, vasiy yoxud homiyning arizasi;
  • tegishli o‘zgartirish asosini tasdiqlovchi hujjat.

Ma’lumotlar «FHDYoning yagona elektron arxivi»da mavjud bo‘lsa, tegishli guvohnomalarni qayta taqdim etish talab qilinmaydi.

Ko‘rib chiqish muddatlari

Ichki ishlar organi taqdim etilgan hujjatlarni 20 kun mobaynida o‘rganib chiqadi. Uning fikri FHDYo organiga axborot tizimi orqali yuboriladi.

FHDYo organi ichki ishlar organining fikri kelib tushgan kundan boshlab arizani 10 kun ichida ko‘rib chiqadi. Uzrli sabablar mavjud bo‘lsa, ushbu muddat ko‘pi bilan 15 kunga uzaytirilishi mumkin.

O‘zgartirishdan keyingi harakatlar

Familiya, ism yoki ota ismi o‘zgartirilgandan keyin shaxs shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini bir oy ichida almashtirishi lozim.

Ariza beruvchining xohishiga ko‘ra avtomototransport vositasini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi ariza ichki ishlar organiga kompozit tarzda yuborilishi mumkin.

Muhim: familiya, ism yoki ota ismining o‘zgartirilishi shaxsning avvalgi nomiga rasmiylashtirilgan huquq va majburiyatlarini bekor qilmaydi.

Chat