Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 30524 marta o'qildi

Jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti nima?

Jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti — fuqaroning Xalq bankidagi shaxsiy hisobvarag‘ida pensiya badallari va ularga hisoblangan foizlarni jamg‘arish tizimi.

Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi davlat pensiya ta’minotiga qo‘shimcha ravishda amal qiladi.

Ushbu tizimdagi mablag‘larning saqlanishi va to‘lanishi davlat tomonidan kafolatlanadi.

Kimlar jamg‘arib boriladigan pensiya olish huquqiga ega?

Quyidagilar jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minotidan foydalanishi mumkin:

  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;
  • O‘zbekistonda doimiy yashaydigan chet el fuqarolari;
  • O‘zbekistonda doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar.

Tizimda ishtirok etish majburiymi?

Mehnat shartnomasi asosida ishlaydigan fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida ishtirok etishi, qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, majburiy hisoblanadi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar, yuridik shaxs tashkil etmagan dehqon xo‘jaligi a’zolari va boshqa fuqarolar tizimda ixtiyoriy asosda ishtirok etishi mumkin.

Ixtiyoriy ishtirok etuvchilar badal miqdori va uni to‘lash muddatlarini mustaqil belgilaydi.

Shaxsiy hisobvaraq qanday ochiladi?

Shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘i — fuqaroning Xalq bankida ochiladigan va unga pensiya badallari hamda hisoblangan foizlar kiritiladigan shaxsiy hisobvaraq.

Fuqaro 16 yoshga to‘lganda, uni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish ID-karta berish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi.

Shaxsiy hisobvaraqning tartib raqami fuqaroga umrbod beriladi. Fuqaroning ish joyi, yashash manzili yoki shaxsini tasdiqlovchi hujjat ma’lumotlari o‘zgarganda yangi hisobvaraq ochilmaydi.

Hisobvaraqdagi mablag‘lar qanday shakllanadi?

Shaxsiy hisobvaraqdagi mablag‘lar:

  • majburiy pensiya badallari;
  • ixtiyoriy pensiya badallari;
  • jamg‘arilgan mablag‘larga hisoblangan foizlar;
  • qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa mablag‘lar

hisobidan shakllanadi.

Ish beruvchi va fuqaroning o‘zi shaxsiy hisobvaraqqa qo‘shimcha ixtiyoriy badallar kiritishi mumkin.

Mablag‘lardan qanday foydalaniladi?

Jamg‘arilgan mablag‘lar faqat jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini amalga oshirish uchun ishlatiladi.

Xalq banki mablag‘larning:

  • alohida hisobini yuritadi;
  • saqlanishi va ko‘paytirilishini ta’minlaydi;
  • ularga foiz hisoblaydi;
  • hisobvaraq holati haqida fuqaroni har yili yoki uning murojaatiga ko‘ra xabardor qiladi.

Shaxsiy hisobvaraqqa kiritilgan badallar, hisoblangan foizlar va fuqaro olgan pensiya to‘lovlariga qonunchilikda belgilangan tartibda soliq solinmaydi.

Chat