O‘zbekiston fuqarosi bilan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs o‘rtasidagi, shuningdek chet el fuqarolari o‘rtasidagi nikohdan ajratish O‘zbekiston qonunchiligi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Er-xotinning voyaga etmagan umumiy bolalari va mulkiy nizosi bo‘lmasa hamda ikkalasi ajralishga rozi bo‘lsa, nikoh FHDYo organida bekor qilinishi mumkin. Bolalar, mol-mulk, aliment yoki boshqa nizo mavjud bo‘lsa, nikoh sud tartibida bekor qilinadi.
Xorijda yashayotgan O‘zbekiston fuqarosi xorijda yashayotgan eri yoki xotini bilan, uning qaysi davlat fuqarosi ekanidan qat’i nazar, O‘zbekiston sudida nikohdan ajrashishga haqli.
O‘zbekiston qonunchiligi bo‘yicha FHDYo organida ajrashish mumkin bo‘lgan hollarda nikohdan ajratish O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasida ham amalga oshirilishi mumkin.
O‘zbekiston fuqarosi bilan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning xorijda o‘sha davlat qonunchiligiga muvofiq amalga oshirilgan ajralishi O‘zbekistonda haqiqiy deb e’tirof etiladi.
MDH mamlakati yoki boshqa chet davlat sudining qonuniy kuchga kirgan qarori asosidagi ajralish, agar xalqaro shartnomada boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, umumiy tartibda FHDYo organida qayd etiladi. Qayd etishda belgilangan davlat boji undiriladi.
Muhim! Chet davlat sudining hal qiluv qarori mavjudligi FHDYoda tegishli qaydni rasmiylashtirish zaruratini istisno etmaydi.
Xorijiy qarordan O‘zbekistonda foydalanish uchun uning qonuniy kuchga kirgani tasdiqlanishi, zarur hollarda legalizatsiya yoki apostilь va davlat tilidagi tarjima talab etilishi mumkin.
Tartib O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 236-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20 oktyabrdagi 550-son qarori bilan belgilangan.