Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 22291 marta o'qildi

Kimlar imtiyozli dori olish huquqiga ega?

Ambulatoriya sharoitida quyidagi shaxslar belgilangan ro‘yxatdagi dori vositalari bilan bepul ta’minlanadi:

  • onkologik, sil va moxov kasalligiga chalinganlar;
  • qandli yoki qandsiz diabet bilan kasallanganlar;
  • ruhiy kasalliklarga chalinganlar va OIVni yuqtirganlar;
  • yurak klapanini protezlash yoki organ ko‘chirish operatsiyasini o‘tkazganlar;
  • dasturli gemodializ oluvchi bemorlar;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz pensionerlar;
  • 1941–1945-yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar, urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilganlar;
  • urush davrida mehnat frontida qatnashganlar;
  • Chernobilь AES falokati oqibatlarini tugatishda qatnashgan nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • baynalmilalchi jangchilar;
  • yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro ob’ektlarida harbiy xizmatni o‘tagan pensiya yoshidagi shaxslar.

Imtiyozli dori ta’minoti — qonunda belgilangan shaxslarga muayyan dori vositalarini davlat sog‘liqni saqlash tizimi orqali bepul berish.

Dori vositasi qanday beriladi?

Dori davolovchi shifokorning tayinloviga muvofiq ambulatoriya-poliklinika muassasasi orqali beriladi. Muassasada zarur dori bo‘lmasa, shifokor uni imtiyozli dorixonadan bepul olish uchun maxsus retsept yozadi. Voyaga etmagan bemorning dorisi ota-onasiga yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxsga berilishi mumkin.

Retsept olish uchun qaerga murojaat qilinadi?

Bemor, uning ota-onasi, qonuniy vakili yoki holatiga qarab qarindoshi bemor hisobda turgan yoki tibbiy xizmat olish uchun biriktirilgan poliklinikaga murojaat qiladi.

Murojaatda imtiyozli dori olish huquqini tasdiqlovchi hujjat ko‘rsatiladi. Retsept yashash joyidagi davolovchi yoki umumiy amaliyot shifokori tomonidan yoziladi.

Qachon mutaxassis tavsiyasi kerak?

Ayrim dori vositalari:

  • onkolog yoki gematolog;
  • endokrinolog;
  • psixiatr;
  • infektsionist;
  • ftiziatr tavsiyasi asosida yoziladi. Masalan, diabetga qarshi dorilar uchun endokrinolog, silga qarshi dorilar uchun ftiziatr tavsiyasi talab qilinadi.

Retsept qancha muddat amal qiladi?

Retseptda dori vositasi bir davolash kursidan ortiq bo‘lmagan miqdorda ko‘rsatiladi.

Retsept berilgan kundan boshlab bir oy davomida haqiqiy hisoblanadi.

Retseptdagi dori dorixonada bo‘lmasa nima qilinadi?

Retseptda savdo nomi bilan ko‘rsatilgan dori mavjud bo‘lmasa, dorixona bu haqda retseptga belgi qo‘yadi. Dori xuddi shu ta’sir etuvchi moddaga ega boshqa savdo nomidagi vosita bilan faqat yangi retsept asosida va poliklinika rahbari yoki uning o‘rinbosari bilan kelishilgan holda almashtirilishi mumkin.

Qaysi dorilar bepul beriladi?

Bepul beriladigan dorilarning nomi va shakli Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan rasmiy ro‘yxat asosida belgilanadi. Imtiyoz muayyan kasallik uchun ro‘yxatga kiritilgan doriga nisbatan qo‘llaniladi, barcha dorilarga emas.

Chat