Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 17778 marta o'qildi

Shartnoma tuzishdan oldingi huquqlar

Jismoniy yoki yuridik shaxs shartnoma tuzishdan oldin operator yoki provayderdan quyidagi ma’lumotlarni olish huquqiga ega:

  • asosiy va qo‘shimcha xizmatlar ro‘yxati;
  • xizmatlar narxi va amaldagi tariflar;
  • tarmoqqa ulanish usullari;
  • ulanish va xizmat ko‘rsatish tartibi;
  • xizmat ko‘rsatish qoidalari;
  • kafolatlangan xizmat va sifat darajasi;
  • abonent ma’lumotlarini himoya qilish darajasi.

Abonentning asosiy huquqlari

Abonent va foydalanuvchi:

  • operator bilan shartnoma tuzish;
  • belgilangan talablarga muvofiq o‘z qurilmasini tarmoqqa ulash;
  • o‘z vaqtida va sifatli xizmat ko‘rsatilishini talab qilish;
  • tarif va shartnomaga muvofiq xizmatlardan foydalanish;
  • operator shartnoma shartlarini buzsa, xizmatdan voz kechish;
  • xizmat ko‘rsatilmagan yoki sifatsiz ko‘rsatilgan bo‘lsa, zararni qoplashni talab qilish;
  • vakolatli davlat organiga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.

Telefon aloqasi abonenti o‘z aybisiz aloqa bo‘lmagan davr uchun to‘lovni qayta hisoblashni, arizasisiz ulangan pullik xizmat uchun mablag‘ni qaytarishni va xizmat kamchiliklarini bepul bartaraf etishni talab qilishi mumkin.

Abonentning roziligisiz pullik xizmatni ulash yoki ko‘rsatilmagan xizmat uchun to‘lov undirish taqiqlanadi.

Abonentning asosiy majburiyatlari

Abonent va foydalanuvchi:

  • shartnoma shartlariga rioya qilishi;
  • xizmatlar uchun belgilangan muddatda va to‘liq haq to‘lashi;
  • qurilma, tarmoq va dasturiy ta’minotdagi nosozliklar haqida operatorni xabardor qilishi;
  • abonent qurilmalaridan texnik talablarga muvofiq foydalanishi;
  • telekommunikatsiyalar tarmog‘i ishiga xalaqit beruvchi harakatlarni sodir etmasligi;
  • operatorning ma’lumotlar bazasi yoki dasturiy vositalaridan ruxsatsiz foydalanmasligi;
  • kompьyuter viruslari va tarmoqqa zarar etkazuvchi dasturlarni tarqatmasligi;
  • mualliflik va boshqa intellektual mulk huquqlarini buzmasligi shart.

Qonunchilik bilan tarqatilishi taqiqlangan, zo‘ravonlik, terrorizm, ekstremizm, adovat yoki pornografiyani targ‘ib qiluvchi axborotni telekommunikatsiyalar tarmog‘i orqali tarqatishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, telefonlashtirilgan turar joy sotilganda, almashtirilganda, ijaraga berilganda yoki abonentning familiyasi, manzili va rekvizitlari o‘zgarganda shartnoma bir oy ichida qayta rasmiylashtirilishi yoki bekor qilinishi kerak.

Huquqlar buzilganda murojaat qilish

Abonent dastlab operator yoki provayderga yozma, og‘zaki yoxud elektron shaklda shikoyat berishi mumkin. Shikoyat u kelib tushgan kuni ro‘yxatga olinishi shart.

Masala hal etilmasa, abonent O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, iste’molchilar huquqlarini himoya qiluvchi vakolatli organ yoki sudga murojaat qilishi mumkin.

Mazkur tartib Telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari bilan belgilangan.

Chat