Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 45172 marta o'qildi

Qaysi o‘quvchilar hujjat topshirishi mumkin?

Ixtisoslashtirilgan maktablarning:

  • aniq fanlar yo‘nalishiga — 4-sinfni tamomlagan o‘quvchilar;
  • tabiiy fanlar yo‘nalishiga — 6-sinfni tamomlagan o‘quvchilar hujjat topshiradi.

O‘quvchi o‘zi ta’lim olayotgan maktab joylashgan hududdagi — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, tegishli viloyat yoki Toshkent shahridagi ixtisoslashtirilgan maktabni tanlaydi.

Ixtisoslashtirilgan maktab — ayrim fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladigan va iqtidorli o‘quvchilar tanlov asosida qabul qilinadigan ta’lim muassasasi.

Hujjatlar qanday topshiriladi?

Hujjatlar Agentlikning rasmiy veb-sayti orqali onlayn topshiriladi. Quyidagilar kiritiladi:

  • tasdiqlangan baholar tabeli;
  • oxirgi ikki oyda tushgan fotosurat;
  • tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma ma’lumotlari;
  • ota-ona yoki qonuniy vakilning pasport ma’lumotlari;
  • telefon raqami.

Hujjatlar ishchi guruh tomonidan 24 soat ichida ko‘rib chiqilib, qabul qilingani, tahrirlashga yuborilgani yoki rad etilgani haqida elektron xabar yuboriladi.

Qabul kvotasi qancha?

Qabul parametrlari Agentlik tomonidan belgilanadi. Odatda bir sinfdagi o‘quvchilar soni 24 nafardan oshmaydi.

Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablarda esa har bir sinfga ko‘pi bilan 20 nafar o‘quvchi qabul qilinadi.

Imtihonlar qaysi fanlardan o‘tkaziladi?

Kirish imtihoni bir bosqichda test shaklida o‘tkaziladi. Fanlar maktab yo‘nalishi va qabul qilinayotgan sinfga qarab belgilanadi.

Masalan:

  • aniq fanlar yo‘nalishining 5–7-sinflari uchun — matematika va ingliz tili;
  • yuqori sinflar uchun — algebra, geometriya, fizika va ingliz tili;
  • tabiiy fanlar yo‘nalishi uchun — tabiiy fan, biologiya, kimyo va ingliz tilidan tegishli testlar beriladi.

Imtihon hujjat topshirilgan maktabning ta’lim berish tilida o‘tkaziladi.

Kimlar imtihonsiz qabul qilinishi mumkin?

Belgilangan xalqaro, mintaqaviy yoki asosiy fan olimpiadalarining uchinchi — viloyat bosqichida matematika, informatika, fizika, kimyo yoki biologiyadan 1, 2 yoki 3-o‘rinni egallagan o‘quvchilar tegishli yo‘nalishda qabul kvotasi doirasida imtihonsiz qabul qilinishi mumkin.

Natija va apellyatsiya tartibi qanday?

Imtihon natijalari imtihon topshirilgan kundan keyin 20 kun ichida Agentlik va maktablarning rasmiy saytlarida e’lon qilinadi.

Natijadan norozi o‘quvchi 3 ish kuni ichida apellyatsiya berishi mumkin. Apellyatsiya 10 kun ichida ko‘rib chiqiladi.

Chat