Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 30069 marta o'qildi

Kimlarga uyda ta’lim tashkil etiladi?

Uyda yakka tartibda ta’lim:

  • jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsoni bo‘lgan;
  • uzoq vaqt davolanishga muhtoj;
  • tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra umumiy maktab yoki ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasiga doimiy yoxud vaqtincha qatnay olmaydigan bolalar uchun tashkil etiladi.

Uyda yakka tartibda ta’lim — sog‘lig‘i sababli maktabga qatnay olmaydigan o‘quvchiga yashash joyida belgilangan o‘quv rejasi asosida ta’lim berish shakli.

Tibbiy xulosa qanday olinadi?

Ota-ona yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxs bolani yashash joyidagi davolash-profilaktika muassasasining tibbiy-maslahat komissiyasi ko‘rigidan o‘tkazadi.

Komissiyaga:

  • kasallik tarixidan ko‘chirma;
  • maxsus tibbiyot muassasasining xulosasi;
  • zarur hollarda diagnostika tekshiruvlari natijalari taqdim etiladi.

Tibbiy ko‘rik murojaat qilingan kundan boshlab 3 kun ichida o‘tkaziladi. Uyda ta’lim olish uchun asos mavjud bo‘lsa, tibbiy xulosa 6 oyga yoki to‘liq o‘quv yiliga beriladi.

Tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasi — bolaning sog‘lig‘i sababli maktabga qatnay olmasligi va uyda ta’limga muhtojligini tasdiqlovchi hujjat.

Qaerga ariza beriladi?

Ota-ona bola ro‘yxatda turgan maktab direktori nomiga ariza beradi.

Arizaga:

  • tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma nusxasi;
  • bola avval ta’lim olgan bo‘lsa, baholar tabeli;
  • tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasi ilova qilinadi.

Maktab direktori hujjatlarni 3 kun ichida tuman yoki shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga yuboradi. Vakolatli bo‘lim ham 3 kun ichida bolani uyda ta’limga jalb qilish to‘g‘risida buyruq qabul qiladi. Maktab direktori buyruqni olgach, 3 kun ichida o‘qituvchilarni biriktiradi.

Darslar qanday tashkil etiladi?

Uydagi ta’lim uchun haftalik o‘quv yuklamasi:

  • 1–4-sinflarda — 8 soat;
  • 5–9-sinflarda — 10 soat;
  • 10–11-sinflarda — 12 soat.

Dars jadvali bolaning sog‘lig‘i hisobga olinib, ota-ona bilan kelishilgan holda tuziladi. Mashg‘ulotlar haftasiga kamida 3 kunga taqsimlanadi. Zarur hollarda logoped, psixolog, defektolog va boshqa mutaxassislar ham jalb qilinishi mumkin.

Baholash va attestatsiya qanday o‘tkaziladi?

O‘quvchining baholari alohida baholash daftariga, sinf jurnaliga yoki elektron tizimga kiritiladi.

Bosqichli nazorat va yakuniy davlat attestatsiyasi bolaning sog‘lig‘iga qarab:

  • uning uyida;
  • yoki maktabda o‘tkazilishi mumkin.

Yakuniy attestatsiyani muvaffaqiyatli topshirgan o‘quvchiga davlat namunasidagi ta’lim hujjati beriladi.

Uyda ta’lim qachon to‘xtatiladi?

Uzoq vaqt davolanish tufayli uyda o‘qiyotgan bolaga ta’lim mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasida ko‘rsatilgan muddat davomida tashkil etiladi.

Ushbu muddat tugagach, maktab direktorining buyrug‘i bilan uyda ta’lim to‘xtatiladi va o‘quvchi tegishli sinfga qaytariladi.

Chat