Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 15848 marta o'qildi

Dalillarni ta’minlashning maqsadi

Fuqarolik-huquqiy munosabatlarda dalilni keyinchalik taqdim etish mumkin bo‘lmay qolishi yoki qiyinlashishi mumkin bo‘lsa, manfaatdor shaxs notariusdan dalilni oldindan qayd etish va saqlashni so‘rashi mumkin.

Amaldagi tartibga ko‘ra notarius dalillarni sudga murojaat qilishdan oldin ham, sud jarayoni davomida ham ta’minlashi mumkin.

Notarius ta’minlaydigan dalillar

«Notariat to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq notarius:

  • guvohlarning ko‘rsatuvlarini yozib oladi;
  • ashyoviy dalillarni ko‘zdan kechiradi va guvohlantiradi;
  • yozma dalillarni ko‘zdan kechiradi va guvohlantiradi;
  • raqamli dalillarni ko‘zdan kechiradi va guvohlantiradi;
  • ekspertiza tayinlaydi;
  • Internet jahon axborot tarmog‘idagi faktlarni tasdiqlaydi.

Ariza berish

Manfaatdor shaxs notariusga yozma ariza beradi. Arizada:

  • ta’minlanishi kerak bo‘lgan dalil;
  • u tasdiqlaydigan holat;
  • ehtimoliy yoki ko‘rilayotgan nizo;
  • dalilni keyinchalik taqdim etish qiyinlashishi sababi;
  • dalil turgan joy yoki Internet manzili ko‘rsatiladi.

Ariza notariusga dalillardan nusxa olish, ularni yozib olish, to‘plash va saqlash uchun asos bo‘ladi.

Taraflarni xabardor qilish

Notarius dalillarni ta’minlash bilan bog‘liq shaxslarni harakat o‘tkaziladigan joy va vaqt haqida xabardor qiladi.

Dalilni ta’minlash jarayoni bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Unda isbotlanishi kerak bo‘lgan holat, dalilning mazmuni, arizachining huquq va majburiyatlari hamda notarius amalga oshirgan harakatlar ko‘rsatiladi.

Dalillarni ta’minlash doirasida amalga oshirilgan har bir harakat bayonnomada qayd etiladi va unda kamida ikki nafar xolis ishtirok etadi.

Guvoh va ekspertiza

Guvoh kelgusidagi sud jarayonida ishtirok eta olmasligi, salomatligi og‘ir bo‘lishi va notarius tomonidan so‘rov qilinishiga rozi bo‘lishi hollarida uning ko‘rsatuvlari oldindan yozib olinishi mumkin.

Maxsus bilim talab etilsa, notarius ekspertiza tayinlash haqida qaror qabul qiladi. Qaror bir ish kunidan kechiktirmay tegishli ekspert tashkiloti yoki mutaxassisga yuboriladi.

Guvoh va ekspert yolg‘on ko‘rsatuv yoki yolg‘on xulosa berganlik uchun jinoiy javobgarlik haqida ogohlantiriladi.

Internetdagi faktlarni tasdiqlash

Notarius, jumladan, quyidagi holatlarda veb-sayt yoki veb-sahifadagi ma’lumotlarni qayd etishi mumkin:

  • domenni noqonuniy egallab olish;
  • mualliflik huquqi bilan himoyalangan matn, audio yoki videoni o‘zlashtirish;
  • tovar yoki xizmat ko‘rsatish belgisidan noqonuniy foydalanish;
  • qonunchilikka zid reklama joylashtirish;
  • sha’n, qadr-qimmat yoki ishchanlik obro‘siga putur etkazuvchi ma’lumotlarni tarqatish.

Arizada veb-sayt yoki veb-sahifaning aniq manzili ko‘rsatilishi kerak. Notarius sahifani ko‘zdan kechiradi, ma’lumotlarni qog‘ozda chop etadi va ularni bayonnomaga ilova qiladi.

Muhim! Internetdagi ma’lumot o‘chirilishi yoki o‘zgartirilishi mumkin. Shu sababli huquq buzilishi aniqlanganda dalilni kechiktirmasdan ta’minlash maqsadga muvofiq.

Dalillarni ta’minlash tartibi Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomada belgilangan.

Chat