Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 29159 marta o'qildi

Transport vositasini ushlab turish

Transport vositasini jarima maydonchasiga joylashtirish har qanday yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun avtomatik ravishda qo‘llanilmaydi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 291-moddasida nazarda tutilgan hollarda, transport vositasini ushlab turish huquqiga ega bo‘lgan davlat organining vakolatli xodimi uni ushlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Bunday holatlarga, jumladan:

  • foydalanish taqiqlangan yoki davlat raqam belgisi o‘zboshimchalik bilan echib olingan transport vositasini boshqarish;
  • tegishli ruxsatsiz ayrim og‘ir vaznli, yirik gabaritli yoki xavfli yuklarni tashish;
  • ruxsatsiz qoraytirilgan yoki ko‘rishni cheklovchi qoplamali transport vositasidan foydalanish;
  • ruxsatsiz maxsus tovush yoki yoritish qurilmalarini o‘rnatish bilan bog‘liq ayrim huquqbuzarliklar;
  • yo‘l bezoriligi;
  • mast holda transport vositasini boshqarish;
  • mastlikni aniqlash bo‘yicha tekshiruvdan bo‘yin tovlash;
  • YTH sodir bo‘lgan joyni belgilangan qoidalarni buzgan holda tark etish;
  • ichki ishlar organi xodimining transport vositasini to‘xtatish to‘g‘risidagi qonuniy talabini bajarmaslik;
  • qonunda bevosita nazarda tutilgan boshqa holatlar kiradi.

To‘xtash yoki to‘xtab turish qoidasi buzilganda esa transport vositasini ushlash uchun haydovchi joyida bo‘lmasligi va transport boshqa harakat ishtirokchilariga xalaqit berishi talab etiladi.

Noto‘g‘ri to‘xtab turgan har bir avtomobilь avtomatik ravishda jarima maydonchasiga olib ketilmaydi. Kodeksda belgilangan ushlab turish asoslari mavjud bo‘lishi kerak.

«Jarima maydonchasi» axborot tizimi

Vakolatli xodim transport vositasini jarima maydonchasiga joylashtirish haqida qaror qabul qilganda, bu haqda «Jarima maydonchasi» axborot tizimi orqali transportni olib kelish va saqlash xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxs hamda tegishli davlat organining navbatchilik qismiga xabar yuboriladi.

Transport vositasini olib kelish, joylashtirish va saqlashning elektron hisobi ham mazkur tizimda yuritiladi.

Haydovchi joyida bo‘lmasa, ichki ishlar organining hududiy navbatchilik qismiga elektron xabar yuboriladi va transport vositasi egasini yoki uning vakilini aniqlash hamda xabardor qilish choralari ko‘riladi.

Transport vositasini rasmiylashtirish

Transport vositasini ushlagan vakolatli xodim:

  • zarur holda haydovchini boshqarishdan chetlashtiradi;
  • ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma yoki transport vositasini ushlash to‘g‘risida qarorni rasmiylashtiradi;
  • transport vositasi jarima maydonchasiga joylashtirilganda undagi mol-mulk ro‘yxatini o‘z ichiga olgan dalolatnoma tuzadi.

Dalolatnomaning nusxasi tegishli shaxsga va transport vositasini saqlash uchun mas’ul shaxsga beriladi.

Saqlash muddati va transportni qaytarib olish

Transport vositasini ushlash muddati ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma tuzilgan yoki ushlash haqida qaror chiqarilgan paytdan boshlanadi.

Saqlash muddati esa transport vositasi jarima maydonchasiga joylashtirilgan vaqtdan boshlab soatlarda hisoblanadi.

Ushlab turish sabablari bartaraf etilgach, transport vositasini olib chiqishga «Jarima maydonchasi» axborot tizimi orqali ruxsat beriladi. Bu haqda haydovchiga elektron axborot tizimi yoki SMS orqali xabar yuboriladi.

Transport vositasi:

  1. olib kelish va saqlash xizmatlari uchun belgilangan haq to‘langandan;
  2. vakolatli davlat organining axborot tizimi orqali ruxsati berilgandan keyin haydovchiga, egasiga yoki uning vakiliga qaytariladi.

Transport vositalarini jarima maydonchasidan berish kechayu kunduz amalga oshiriladi.

Transport vositasining saqlanishi

Transport vositasi jarima maydonchasiga joylashtirilgandan keyin uning saqlanishi uchun transport vositalarini olib kelish va saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxs javob beradi.

Tashish yoki saqlash vaqtida transport vositasiga yoki uning ichidagi mol-mulkka zarar etkazilsa, zarar qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanadi.

Chat