Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 35862 marta o'qildi

Bolalar nafaqasi necha yoshgacha beriladi?
  • Bolalar nafaqasi 12 oy muddatga tayinlanadi, biroq oilaning eng kichik yoxud yagona bolasi tegishlicha o‘n sakkiz yoshga to‘lgan oyning oxirigacha to‘lanadi.
  • Moddiy yordam bola(bolalar)siz yoki barcha bolalari 18 yoshdan katta bo‘lgan oilalarga va yakka-yolg‘iz fuqarolarga 6 oy muddatga tayinlanadi va to‘lanadi.
  • Agar bir oilada tug‘ilgan, farzandlikka olingan yoki vasiylikka qabul qilingan bolalar egizak bo‘lsa, ularning biri yoshi 3 yoshgacha bo‘lgan kichik bola, keyingilari mos ravishda ikkinchi, uchinchi yoki to‘rtinchi hisoblanadi.
  • «Yagona reestr» AT orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalar (shaxslar) qo‘shimcha hujjatlar va ma’lumotnomalarni taqdim etmasdan, qonunchilik hujjatlarida ushbu toifadagi oilalar (shaxslar)ga belgilangan tartibda bepul yoki imtiyozli shartlarda ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordamlardan foydalanishga haqlidir.
  • Bunda qonunchilik hujjatlarida belgilangan xizmatlardan foydalanish va imtiyozlarni olish uchun «Yagona reestr» AT orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oila (shaxs)ga O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 3 daqiqa ichida ma’lumotnoma taqdim etiladi. Ushbu ma’lumotnoma oila (shaxs) «Yagona reestr» AT orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oydan boshlab o‘n ikki oy davomida amal qiladi.
  • Agar bitta oila so‘nggi 12 oy davomida ketma-ket «Yagona reestr» AT orqali bir necha marotaba kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan bo‘lsa, bunda ma’lumotnomaning amal qilish muddati ushbu oila oxirgi marotaba kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oydan boshlanadi.
  • Oila (shaxs) «Yagona reestr» AT orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma Nizomning 1a-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha taqdim etiladi.

Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam Nizomning 2-ilovasiga muvofiq sxema bo‘yicha tayinlanadi va to‘lanadi.

  • Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash uchun ariza zarur hujjatlar bilan birga bevosita ariza beruvchining doimiy yoki vaqtincha yashash manzilidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga taqdim etiladi va ro‘yxatga olinadi.
  • Ariza fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan maxsus ro‘yxatga olish daftarida qayd etiladi, bunda arizaning berilgan sanasi, ariza beruvchining ismi, familiyasi, otasining ismi va yashash manzili ko‘rsatiladi.

Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

  1. ariza beruvchi va oila a’zolarining O‘zbekiston Respublikasi pasporti yoki ID-kartalari (bunda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan ushbu hujjatlarning nusxasi olinibasli arizachiga qaytariladi);
  2. chet el fuqarolarifuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash guvohnomalari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs guvohnomalari yoki ID-kartalari hamda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risida qayd varag‘i (bunda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan ushbu hujjatlarning nusxasi olinib, asli arizachiga qaytariladi);
  3. bolalari vasiylik ostida bo‘lgan taqdirda, arizaga vasiylik va homiylik organi qarorining nusxasi ilova qilinadi;
  4. oilaning mavjud chorva mollari va parrandalari to‘g‘risida Nizomning 3a-ilovasiga muvofiq shakl bo‘yicha ma’lumot;
  5. ariza beruvchi va uning oila a’zolari nomidagi tijorat banki hisobvaraqlaridagi mablag‘ qoldiqlari va ariza berilgan oydan oldingi 3 oy mobaynida ularning nomiga o‘tkazilgan pul o‘tkazmalari yuzasidan ma’lumotlarni Markaziy bank tomonidan «Yagona reestr» ATga taqdim etish to‘g‘risida oilada birga yashovchi 18 yosh va undan katta yoshdagi muomalaga layoqatli barcha oila a’zolari imzolari bilan tasdiqlangan Nizomning 3b-ilovasiga muvofiq shakl bo‘yicha ariza.

O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining «Yagona reestr» AT tomonidan elektron so‘rov yuborilgan kunda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan mehnat staji hisoblanishi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan (to‘liq) miqdorda ijtimoiy soliq to‘langanda hisobga olinadi.

2021-yil 1 sentyabrga qadar tayinlangan 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola 2 yoshga to‘lguniga qadar uni parvarish qilish nafaqasi hamda kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordamni to‘lash muddatlari tugaguniga qadar, mazkur turdagi nafaqalar va moddiy yordamning amaldagi miqdorlari hamda ularni to‘lash muddatlari saqlab qolinadi.

Bolalar nafaqasi va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam miqdorlari:

a) bolalar nafaqasining har oylik miqdori:

  • 250 000 so‘m – 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun;
  • 325 000 so‘m – yoshi 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzandi uchun;
  • 150 000 so‘m – oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha;
  • 100 000 so‘mdan – oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun;

b) kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori – 380 000 so‘m.

Bolalar nafaqasi tayinlangan oilada bolalar soni o‘zgargan taqdirda (navbatdagi bola tug‘ilganda, 18 yoshgacha bolalardan biri vafot etganda, bola (bolalar) 3 yoshga va 18 yoshga to‘lganda va shu kabilar), bolalar nafaqasi miqdori bolalarning tegishli sonidan kelib chiqib, keyingi oydan boshlab qayta hisoblanadi.

Qaysi toifadagi shaxslar xususiy pullik tibbiyot muassasalarida tibbiy xizmatni bepul olishlari mumkin?

Xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan aholining quyidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga (stomatologiya va kosmetologiya xizmatlaridan tashqari) bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi:

  1. o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashovchi keksalar;
  2. I va II guruh nogironlari, nogiron bolalar;
  3. muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan fuqarolar;
  4. ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarga chalingan shaxslar;
  5. etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar;
  6. 1941–1945-yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek ularga tenglashtirilgan shaxslar;
  7. 1941–1945-yillardagi urush davrida mehnat jabhasining qatnashchilari;
  8. qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ijtimoiy himoyaga muhtoj deb topilgan boshqa shaxslar.

Xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatish uchun ularning shaxsini va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga mansubligini tasdiqlovchi hujjatlarining mavjudligi asos bo‘ladi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga ko‘rsatiladigan bepul tibbiy xizmatlarning turlari va hajmi tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan litsenziyada ko‘rsatilgan ixtisosliklar doirasida tashxis qo‘yish va davolash imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi.

Asossiz rad etilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga (1003) murojaat qilishingiz mumkin.

  • Ambulatoriyada davolanishda dori vositalari bilan imtiyozli ta’minlanish tartibi.
  • Sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanmalar berish tartibi.
  • Nogironligi bo‘lgan shaxslarga imtiyozlar.
  • O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan bog‘lanish uchun havolaga o‘ting yoki ishonch telefoni 1003.

«Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlar imtiyozli shartlarda tibbiy yordam olishi mumkinmi?

«Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlar, shuningdek, ularning voyaga etmagan farzandlariga tibbiy yordam ko‘rsatish zarurati sektor ishchi guruhi tomonidan aniqlanganda, ularning salomatligi hududiy birlamchi tibbiy — sanitariya muassasasidan shifokor jalb qilingan holda baholanadi.

  • O‘rganish natijasiga ko‘ra tibbiy yordam ko‘rsatish zarurati tibbiyot xodimi tomonidan aniqlanganda, belgilangan tartibda tegishli birlamchi tibbiy — sanitariya muassasasiga yo‘naltiriladi va statsionar yoki ambulator davolanish masalasi hal etiladi.
  • O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatiladigan imtiyozli toifaga kirmaydigan, ammo birlamchi tibbiy — sanitariya muassasasi tomonidan viloyat yoki respublika darajasida davolanishi lozim deb topilgan «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlar, shuningdek, ularning voyaga etmagan (qaramog‘ida I guruh nogironligi bo‘lgan farzandlarining yoshidan qat’i nazar) farzandlarining davolanishi bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar, sektorlar rahbarlari xulosasiga asosan «Ayollar daftari» jamg‘armasi va Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan belgilangan tartibda qoplab beriladi.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatiladigan imtiyozli toifaga kiradigan viloyat yoki respublika darajasida davolanishi lozim deb topilgan «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlar, shuningdek, ularning voyaga etmagan (qaramog‘ida I guruh nogironligi bo‘lgan farzandlarining yoshidan qat’i nazar) farzandlari belgilangan tartibda elektron navbatga qo‘yilishi ta’minlanadi.

  • Nogironlik belgilari aniq namoyon bo‘lgan bemorlar belgilangan tartibda ko‘rikdan o‘tish uchun Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalariga yuboriladi.

«Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlar va (yoki) ularning voyaga etmagan farzandlariga davolash, dori vositalarini olib berish yoki murakkab jarrohlik amaliyotlari uchun mablag‘ zarur bo‘lgan holatlarda, tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi va sektor rahbari xulosalari bilan tibbiy muolaja xarajatlari «Ayollar daftari» jamg‘armasi, Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi va «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lab beriladi.

  • Bunda dori-darmon olib berish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravarigacha (6 mln. so‘m) hamda murakkab jarrohlik amaliyotlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha miqdordagi (100 mln. so‘m) xarajatlar «Ayollar daftari» jamg‘armasi hisobidan to‘lab beriladi;
  • «Ayollar daftari»ga kiritilgan I va II guruh nogironligi bo‘lgan yoki surunkali kasalliklarga chalingan ehtiyojmand xotin-qizlarning va (yoki) ularning voyaga etmagan farzandlarining, shuningdek, lozim bo‘lganda I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga hamrohlik qiluvchining O‘zbekiston Respublikasining boshqa hududida joylashgan tibbiy muassasalarga davolanish uchun borish-kelish yo‘l xarajatlari sektorlar rahbarlari xulosasiga asosan «Ayollar daftari» jamg‘armasi hisobidan to‘lab beriladi.

Bunda xotin-qizlar yo‘l xarajatlarini tasdiqlovchi hujjatlarni tegishli tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limiga taqdim etadi.

Yo‘l hujjatlari mavjud bo‘lmaganda, yo‘lkiraga haq to‘lash har bir kilometrga bazaviy hisoblash miqdorining 0,08 foizi (240 so‘m) miqdorida amalga oshiriladi.

Bemorni maxsus transport vositasida tibbiy muassasaga etkazish lozim bo‘lgan taqdirda, yo‘l xarajatlarini to‘lab berish uchun tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi xulosasi olinadi.

Hozirda 58 yoshdaman ishlayotgan korxonam tugatilganligi munosabati bilan ishsiz qolganman. Men ushbu yoshimda ham yoshga doir pensiyaga muddatidan oldin chiqishim mumkinmi?

Javob: “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunining 14-moddasiga asosan texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslar:

  • erkaklar — 58 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda;
  • ayollar — 53 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladilar.

2018-yilda ajrashganman. Nikoh davomida olingan mol-mulk yuq. 2016-yilda otam menga hadya qilgan Lasetti rusumli avtomashina bor. Sobiq turmush o‘rtog‘im o‘sha avtomashinadan ulush talab kilyapti. Uni haqqi bormi?

Oila Kodeksining 25-moddasiga asosan er va xotinning nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olgan mol-mulki ulardan xar birini o‘z shaxsiy mulki hisoblanadi. Shunga ko‘ra, turmush o‘rtog‘iningiz mashinadan ulush talab qila olmaydi.

1991-2016-yillarda turli zavod va fabrikalarda ishlagan vaqtimda familiyam har xil tushib qolganligi sababli, tuman pensiya jamg‘armasi tomonidan menga pensiya tayinlash rad etildi. Men kimga murojaat qilsam bo‘ladi?

Javob: Fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuridik faktni belgilash buyicha ariza kiritish mumkin. Arizaga kuyidagi xujjatlarni ilova kilishingiz kerak: pasport, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma, nikoh guvohnomasi nushalari; arxiv ma’lumotnomasi (staj), guvohlik beruvchilarni tushuntirish xatlari, guvohlik beruvchilarni pasport nusxalari, pensiya tayinlash rad etilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, DXM ma’lumotnomasi, davlat boji va pochta xarajatlari uchun to‘lov.

Nikohni bekor qilish uchun sudda davlat boji kimdan undiriladi?

Javob: Davlat boji nikohdan ajratishni so‘rab sudga ariza topshirgan tomondan, agar er-xotin birgalikda nikohdan ajratish haqida sudga ariza yozgan bo‘lsa, o‘zaro kelishgan holda tomonlarning biridan undiriladi.

Davlat boji summasi BHMning 2 baravari miqdorida, takroriy nikohni bekor qilish uchun esa BHMning 4 baravari miqdorida undiriladi.

Chat