Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 26923 marta o'qildi

Pensiya qanday to‘lanadi?

Pensiya pensionerning tanloviga ko‘ra doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasining tuman yoki shahar bo‘limi tomonidan to‘lanadi.

Naqd to‘lov — pensiyani etkazib berish yuklatilgan tashkilot yoki tijorat bankining sayyor kassasi orqali pulni naqd shaklda olish.

Naqd pulsiz to‘lov — pensiyani bank kartasi yoki ijtimoiy kartaga o‘tkazish orqali olish.

Pensiya:

  • naqd pul shaklida yashash yoki turgan joyga etkazib berilishi;
  • tijorat banki filiali orqali bank kartasiga;
  • ijtimoiy kartaga o‘tkazilishi mumkin.

Pensioner bir vaqtning o‘zida pensiya to‘lovining bir nechta shaklidan foydalanishi mumkin.

Naqd pulda olish uchun Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga, naqd pulsiz olish uchun tijorat banki filialiga yoki bankning mobil ilovasi orqali murojaat qilinadi.

To‘lov shakli ariza berilgan oydan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab o‘zgartiriladi.

Maxsus muassasalarda yashovchilarga pensiya to‘lash

Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlarida yashovchi yolg‘iz pensionerlarga pensiya bilan ularning ta’minoti uchun sarf-xarajat o‘rtasidagi farq to‘lanadi.

Bunda pensionerga tayinlangan pensiyaning kamida 20 foizi berilishi kerak.

Ruhiy holati buzilgan shaxslar uchun internat uylarida yashovchi pensionerlarga pensiya to‘lanmaydi.

Ozodlikdan mahrum qilinganda

Pensioner ozodlikdan mahrum qilinganda pensiya to‘lash jazoni o‘tash davri uchun to‘xtatiladi.

Manzil-koloniyada jazoni o‘tayotgan shaxslar bundan mustasno. Ularning pensiyasi shaxsiy hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Chet elga doimiy yashash uchun ketilganda

Chet elga doimiy yashash uchun chiqib ketishdan oldin tayinlangan pensiya, ariza berilgan kundagi pensiya miqdoridan kelib chiqib, olti oy oldindan to‘lanadi.

O‘zbekistonning pensiya ta’minoti bo‘yicha xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib belgilangan bo‘lsa, ushbu shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

Pensioner vafot etganda olinmay qolgan pensiya

Pensioner vafot etgani sababli olinmay qolgan pensiya meros tarkibiga kiritilmaydi.

U quyidagilarga to‘lanishi mumkin:

  • boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olish huquqiga ega oila a’zolariga;
  • pensionerning ota-onasiga;
  • eri yoki xotiniga;
  • pensioner vafot etgan kungacha u bilan birga yashagan oila a’zolariga.

Vafot etgan oy uchun olinmay qolgan pensiya shu oy uchun to‘liq miqdorda to‘lanadi.

Bir nechta oila a’zosi murojaat qilsa, summa ular o‘rtasida teng taqsimlanadi.

Olinmay qolgan pensiyani olish uchun pensioner vafot etganidan keyin 60 kun ichida murojaat qilish kerak.

Pensiyadan qachon chegirma qilinadi?

Pensiyadan chegirmalar:

  • sud va boshqa ijro hujjatlari asosida;
  • pensionerning suiiste’molligi, qasddan noto‘g‘ri hujjat taqdim etishi yoki ma’lumotlarni yashirishi oqibatida ortiqcha to‘lov amalga oshirilganda;
  • hisoblash yoki texnik xato sababli ortiqcha pensiya to‘langanida amalga oshirilishi mumkin.

Qonunchilikda nazarda tutilmagan boshqa asoslar bo‘yicha pensiyadan pul ushlab qolishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Chat