Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 30995 marta o'qildi

Yakka mehnat nizolari — bu ish beruvchi va xodim o‘rtasida mehnat to‘g‘risidagi qonun va boshqa normativ hujjatlarni, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan mehnat shartlarini qo‘llanish yuzasidan kelib chiqqan kelishmovchiliklardir.

Yakka mehnat nizolarini ko‘rib chiquvchi organlar
  • mehnat nizolari komissiyalari tomonidan;
  • tuman (shahar) sudlari tomonidan.

Quyidagi nizolar faqat sud tomonidan ko‘rib chiqiladi:

  • ish joyda mehnat nizolari komissiyasi bo‘lmasa;
  • nizo ishga tiklash, mehnat shartnomasini bekor qilish vaqti va asoslarini o‘zgartirish to‘g‘risida bo‘lsa;
  • majburiy progul yoki kam haq to‘lanadigan ishni bajargan vaqt uchun haq to‘lashga doir bo‘lsa;
  • xodim tomonidan ish beruvchiga yoki ish beruvchi tomonidan xodimga etkazilgan zararni to‘lash haqida bo‘lsa;
  • ishga qabul qilishni g‘ayriqonuniy ravishda rad etishga oid bo‘lsa;
  • nizo ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishib hal etilgan masala yuzasidan kelib chiqqan bo‘lsa.

Mehnat nizolari bo‘yicha sudga murojaat qilish tartibi bilan tanishish uchun havolaga o‘ting.

Mehnat nizolari komissiyalari
  • Mehnat nizolari komissiyalari, ularning tarkibi va vakolat muddati ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘rtasidagi kelishuvga asosan tashkilotda tuziladi.
  • Komissiyaga kasaba uyushmasi qo‘mitasi va ish beruvchining vakillari kiritiladi.
  • Mehnat nizolari komissiyasining qarori dalillar bilan isbotlangan hamda mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga va mehnat shartnomasiga asoslangan bo‘lishi kerak.
  • Komissiyaning pul undirishga oid qarorida xodimga tegishli summa aniq ko‘rsatilishi lozim.
  • Qaror majlis raisi va kotibi tomonidan imzolangandan kuchga kiradi.
  • Komissiya qarorining nusxasi qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kun ichida xodimga, ish beruvchiga va kasaba uyushmasi qo‘mitasiga topshiriladi.

Sudga murojaat qilish

Xodim shaxsan o‘zi yoki quyidagi organlar orqali mehnat nizosi bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqiga egadirlar:

  • kasaba uyushmasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi;
  • mehnatning huquq bo‘yicha inspektori;
  • prokuror.

Ish beruvchi ham mehnat nizolari komissiyasining qaroridan norozi bo‘lsa, shuningdek unga etkazilgan zararni qoplash haqidagi nizo bo‘yicha sudga murojaat qilishi mumkin. 

Nizo bo‘yicha murojaat qilish muddati

Sudga yoki mehnat nizolari komissiyasiga murojaat etish uchun quyidagi muddatlar belgilanadi:

  1. ishga tiklash nizolari bo‘yicha — xodimga tegishli buyruq nusxasi berilgan kundan boshlab 1 oy;
  2. ish beruvchiga etkazilgan moddiy zararni to‘lash haqidagi nizo bo‘yicha — zarar etkazilganligi ish beruvchiga ma’lum bo‘lgan kundan boshlab 1 yil;
  3. boshqa mehnat nizolari bo‘yicha — xodim o‘z huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan boshlab 3 oy.

  • Xodimning sog‘lig‘iga etkazilgan zararni qoplashga doir nizolar bo‘yicha sudga murojaat qilish uchun muddat belgilanmaydi.
  • Mazkur muddatlar o‘tgan bo‘lsa ham xodim sudga murojaat qilishi mumkin. Sudlar tomonidan muddat o‘tganligi tufayli  arizani qabul qilishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
  • Sud muddatlar uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan deb topgan taqdirda, bu muddatlarni tiklashi mumkin.
  • Xodimlar mehnatga doir nizolar bo‘yicha sudga murojaat qilganlarida sud xarajatlarini to‘lamaydi.

Mehnat nizolariga oid qarorlar ijrosi

Quyidagilar bo‘yicha mehnat nizolarini ko‘rib chiqqan organning qarori darhol ijro etilishi shart:

  • xodimni ishga tiklash;
  • boshqa ishga o‘tkazilgan xodimni o‘z joyiga qaytarish;
  • mehnat shartnomasini bekor qilish asoslarini o‘zgartirish;
  • 3 oydan ko‘p bo‘lmagan muddat uchun ish haqini to‘lash.

Xodimni ishga tiklash yoki o‘z joyiga qaytarish haqidagi qaror ijrosi kechiktirilgan taqdirda, qarorni qabul qilgan organ tomonidan qaror ijrosi kechiktirilgan barcha vaqt uchun o‘rtacha ish haqi yoki ish haqidagi farqni to‘lash haqidagi qaror chiqariladi.

Pul undirishga doir talablarni ko‘rib chiqish

Nizo kelib chiqqan taqdirda, sud yoki yakka mehnat komissiyalari xodimning pul undirishga doir quyidagi talablarini to‘liq qondiradi:

  • xodimga mehnat daftarchasini o‘z vaqtida bermaganlik oqibatida kelib chiqqan majburiy progul vaqti uchun haq to‘lash to‘g‘risidagi;
  • xodimni ishga tiklash to‘g‘risidagi qarorni ish beruvchi ijro etmaganligi oqibatida kelib chiqqan majburiy progul vaqti uchun haq to‘lash to‘g‘risidagi;
  • foydalanilmagan ta’til uchun kompensatsiyani to‘lash to‘g‘risidagi.

G‘ayriqonuniy ravishda ishdan bo‘shatilganligi, boshqa ishga o‘tkazilganligi oqibatida kelib chiqqan majburiy progul vaqti uchun xodimning pul undirishga doir talablari 1 yildan ortiq bo‘lmagan muddat uchun qondiriladi.

Xodimning pul undirishga doir boshqa talablari 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddat uchun qondiriladi.

Chat