Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 31818 marta o'qildi

Homilador xotin bilan ajrashish

D. va uning xotini besh oydan buyon birga yashamaydi. Xotini homilador bo‘lgani sababli D. nikohni sud orqali bekor qilishga qaror qildi.

Echim: Oila kodeksining 39-moddasiga ko‘ra, er xotinining homiladorligi vaqtida va bola tug‘ilganidan keyin bir yil mobaynida xotinining roziligisiz nikohdan ajratish to‘g‘risida ish qo‘zg‘atishga haqli emas.

Muhim: mazkur cheklov xotinning o‘zi nikohdan ajratishni talab qilishiga yoki ajrashishga rozilik berishiga to‘sqinlik qilmaydi.

Alohida yashayotgan otaning bolalar bilan ko‘rishishi

K. nikohdan ajrashganidan keyin ikki nafar farzandi onasi bilan qoldi. Ona otaning bolalar bilan uchrashishiga yo‘l qo‘ymay qo‘ydi.

Echim: boladan alohida yashayotgan ota bola bilan ko‘rishish, uning tarbiyasida ishtirok etish va ta’lim olishiga oid masalalarni hal qilishda qatnashish huquqiga ega. Bolalar bilan birga yashayotgan ota yoki ona, agar uchrashuv bolaning jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga yoki axloqiy kamolotiga zarar etkazmasa, bunday muloqotga qarshilik qilmasligi kerak.

Ota-ona uchrashuvlarning vaqti, davomiyligi va tartibini belgilovchi yozma kelishuv tuzishi mumkin. Kelishuvga erishilmasa, nizo vasiylik va homiylik organi ishtirokida sud tomonidan hal qilinadi.

Bolaning eng ustun manfaatlari va fikri sud tomonidan birinchi navbatda hisobga olinadi.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilingan shaxsning aliment to‘lashi

T. sud qarori bilan ota-onalik huquqidan mahrum qilindi. Shundan keyin u bolasiga aliment to‘lash majburiyati ham bekor bo‘lgan deb hisobladi.

Echim: ota-onalik huquqidan mahrum qilish shaxsni bolasiga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilmaydi. Sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishni ko‘rayotganda bola uchun aliment undirish masalasini ham hal qiladi.

Ota-onalik huquqi bekor qilinishi mumkin, ammo bolani ta’minlash majburiyati saqlanib qoladi.

Bobo va buvidan ta’minot undirish

M. uch nafar voyaga etmagan farzandi bilan yashaydi. Bolalarning otasi ozodlikdan mahrum etilgan va farzandlariga etarli ta’minot bera olmaydi. Bolalarning bobo va buvisi esa etarli mablag‘ga ega.

Echim: Oila kodeksining 123-moddasiga muvofiq, ota-onasi yo‘q yoki ulardan ta’minot olish imkoniyati bo‘lmagan voyaga etmagan nevaralarni ta’minlash majburiyati etarli mablag‘ga ega bobo va buvi zimmasiga sud tomonidan yuklatilishi mumkin.

Bunda otaning jazoni o‘tayotgani o‘z-o‘zidan bobo va buvidan aliment undirish uchun etarli emas. Sud bolalarning ota-onasidan amalda ta’minot olish imkonini, taraflarning moddiy va oilaviy ahvolini hamda boshqa muhim holatlarni baholaydi.

Ajrashganda to‘y xarajatlarini qaytarish

B. nikohdan ajrashish paytida to‘yning asosiy xarajatlarini o‘zi to‘laganini bildirib, ularning barchasini turmush o‘rtog‘idan undirishni so‘radi.

Echim: to‘yni o‘tkazish uchun qilingan xarajatlar nikoh bekor qilingani sababli avtomatik ravishda ikkinchi tarafdan undirilmaydi. Nikohdan ajratish ishi doirasida sud to‘y xarajatlarini er-xotinning umumiy mol-mulki kabi taqsimlamaydi.

Agar muayyan pul yoki mol-mulk ikkinchi tarafga qarz, omonat yoki boshqa mustaqil fuqarolik majburiyati asosida berilgan bo‘lsa, tegishli dalillar mavjudligida alohida talab qo‘yilishi mumkin.

To‘yga ixtiyoriy sarflangan mablag‘ bilan hujjatlar asosida berilgan qarz bir xil huquqiy tushuncha emas.

Chat