Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 30191 marta o'qildi

1-misol. Xususiy korxonani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish

Alisher xususiy korxona tashkil etib, xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi. U korxonani qaerda va qancha vaqtda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish mumkinligini bilmaydi.

Tadbirkorlik sub’ektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan tartib asosida:

  • tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali mustaqil ravishda;
  • Davlat xizmatlari markaziga shaxsan murojaat qilish orqali amalga oshiriladi.

Alisher elektron tizimda so‘rovnomani to‘ldiradi, xususiy korxonaning ta’sis hujjatlarini rasmiylashtiradi va belgilangan davlat bojini to‘laydi.

Tadbirkorlik sub’ektini dastlabki davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qoida tariqasida, real vaqt rejimida, 30 minutdan oshmagan muddatda amalga oshiriladi. Qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va qo‘shimcha o‘rganish talab qilinadigan ayrim holatlar uchun boshqa muddatlar belgilangan.

Korxona faqat davlat reestriga tegishli yozuv kiritilganidan keyin tashkil etilgan hisoblanadi. Elektron ariza yuborishning o‘zi tadbirkorlik faoliyatini boshlash huquqini bermaydi.

2-misol. Oilaviy korxonada kommunal xizmatlar haqini to‘lash

Bahodir ikki yildan beri o‘z uyida oilaviy korxona tashkil etib, mahsulot ishlab chiqaradi. U shu uyda oilasi bilan yashaydi va elektr energiyasi, suv, gaz hamda boshqa kommunal xizmatlardan ham turmush, ham tadbirkorlik maqsadlarida foydalanadi.

«Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi Qonunning 28-moddasiga ko‘ra, oilaviy korxona turar joydan bir vaqtning o‘zida unda istiqomat qilgan holda tovar ishlab chiqarish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish uchun foydalansa, kommunal infratuzilma xizmatlari haqi aholi uchun belgilangan tariflar va shartlar asosida to‘lanadi.

Bu qoida:

  • elektr energiyasi;
  • suv ta’minoti;
  • oqova suvlarni chiqarish;
  • gaz ta’minoti;
  • issiqlik ta’minotiga nisbatan qo‘llanadi.

Turar joyni oilaviy korxona faoliyatida ishlatish uchun, umumiy qoidaga ko‘ra, uni noturar joyga aylantirish talab qilinmaydi.

Ko‘p kvartirali uyning turar joyida sanoat xususiyatiga ega faoliyatni amalga oshirish mumkin emas. Ayrim faoliyat turlari uchun sanitariya, yong‘in xavfsizligi yoki boshqa maxsus talablar saqlanib qoladi.

3-misol. Korxonani sotib olganda litsenziyadan foydalanish

Farhod boshqa shaxsga tegishli bo‘lgan korxonani sotib oldi. Sotuvchiga neftь va gaz mahsulotlarini realizatsiya qilish uchun litsenziya berilgan. Farhod shu litsenziya asosida faoliyatni davom ettirmoqchi.

«Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, litsenziyalanadigan faoliyatni faqat litsenziya berilgan yuridik yoki jismoniy shaxs amalga oshirishi mumkin. Litsenziyani yoki undan kelib chiqadigan huquqni boshqa shaxsga oddiy tartibda berish taqiqlanadi.

Agar Farhod korxonaning mol-mulk majmuasini sotib olgan bo‘lsa va litsenziya boshqa yuridik shaxs yoki sotuvchining o‘zi nomiga berilgan bo‘lsa, u mazkur litsenziyadan foydalana olmaydi. Faoliyatni boshlashdan oldin yangi litsenziya olish kerak.

Agar bitim natijasida litsenziya egasi bo‘lgan yuridik shaxsning o‘zi saqlanib qolsa, faqat uning muassisi yoki mulkdori o‘zgarsa, litsenziyani qayta rasmiylashtirish zarurati litsenziya pasporti, yuridik shaxs ma’lumotlaridagi o‘zgarishlar va bitim shakliga qarab belgilanadi.

Boshqa shaxs nomiga berilgan litsenziyadan foydalanib faoliyat yuritish litsenziyasiz faoliyat deb baholanishi va javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

4-misol. Dori vositalarini chakana sotish uchun litsenziya

Malika dorixona ochmoqchi. Unga litsenziya faqat ikki yilga berilishi aytildi.

«Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, farmatsevtika faoliyati muddati cheklangan litsenziya berilishi mumkin bo‘lgan faoliyatlar qatoriga kiradi. Biroq bunday litsenziyaning amal qilish muddati besh yildan kam bo‘lishi mumkin emas.

Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish litsenziyasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21 fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan litsenziya pasporti asosida rasmiylashtiriladi.

Litsenziya:

  • faqat yuridik shaxsga;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan;
  • «Litsenziya» axborot tizimi yoki YaIDXP orqali beriladi.

Arizani ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish muddati 7 ish kuni. Arizani ko‘rib chiqish uchun BHMning 2 baravari, litsenziya berilganligi uchun BHMning 10 baravari miqdorida to‘lov belgilangan.

Litsenziyalovchi organ farmatsevtika litsenziyasini ikki yilga berishni talab qila olmaydi. Uning amal qilish muddati qonun va litsenziya pasportiga muvofiq belgilanadi hamda besh yildan kam bo‘lmaydi.

5-misol. Yakka tartibdagi tadbirkor faoliyatini tugatish

Jahongir ikki yildan beri yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ishlaydi. Endi u faoliyatini butunlay to‘xtatmoqchi.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-avgustdagi 704-son qaroriga muvofiq, YaTT faoliyatini ixtiyoriy to‘xtatish uning ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga bergan arizasi asosida amalga oshiriladi.

Asosiy bank hisobvarag‘i yopilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot bank tomonidan avtomatlashtirilgan tizim orqali ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga yuboriladi. Bank YaTTning soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha qarzi mavjudligini soliq organidan elektron so‘rov orqali tekshirishi mumkin.

Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ:

  • ariza kelib tushgach, 1 ish kunida soliq organiga elektron so‘rov yuboradi;
  • soliq organi so‘rovni 2 ish kunida ko‘rib chiqib, xabarnoma yuboradi;
  • zarur elektron ma’lumotlar kelib tushgach, 1 ish kunida YaTT faoliyati to‘xtatilganligi haqida davlat reestriga yozuv kiritadi.

Amaldagi litsenziya va ruxsatnomalar elektron reestrlarda hisobga olinadi. Shu sababli ularning qog‘oz shaklidagi asl nusxalarini majburiy topshirish to‘g‘risidagi eski talab umumiy tartib sifatida qo‘llanmaydi.

YaTT faoliyatini amalda to‘xtatib qo‘yishning o‘zi etarli emas. Davlat reestriga faoliyat to‘xtatilganligi haqida yozuv kiritilmaguncha soliq hisoboti va boshqa majburiyatlar saqlanib qolishi mumkin.

Chat