
«Ayollar daftari» nima?
«Ayollar daftari» — ijtimoiy, iqtisodiy, tibbiy, psixologik yoki huquqiy yordamga muhtoj xotin-qizlarni aniqlash, ularning muammolarini hal etish va ko‘rsatilayotgan yordamni nazorat qilishga mo‘ljallangan axborot tizimi.
«Ayollar daftari»ga 30 yoshdan oshgan xotin-qizlar yashab turgan joyi bo‘yicha kiritiladi. Doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tmaganlik daftarga kiritishni rad etish uchun asos bo‘lmaydi.
Kimlar «Ayollar daftari»ga kiritiladi?
Xotin-qiz quyidagi toifalardan faqat biriga kiritilishi mumkin:
- Ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar — ishlash istagi bo‘lgan, bandligi ta’minlanmagan va daromad manbaiga ega bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar.
- Tadbirkorlikni boshlash yoki kengaytirish istagidagi xotin-qizlar — ishsiz yoki o‘zini o‘zi band qilgan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi ehtiyojmand xotin-qizlar.
- Uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj xotin-qizlar — doimiy turar joyi bo‘lmagan, noturar joyda yoki ijarada yashayotgan, bir xonadonda bir nechta oila bilan istiqomat qilayotgan yoxud uy-joyi ta’mirga muhtoj bo‘lgan xotin-qizlar.
- Tibbiy va psixologik yordamga muhtoj xotin-qizlar — ruhiy holatini yaxshilash, jarrohlik amaliyotisiz davolanish yoki jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga muhtoj xotin-qizlar.
- Huquqiy yordamga muhtoj xotin-qizlar — huquqlari buzilgan, ajrim, yarashtiruv, sud, aliment va boshqa huquqiy masalalarda maslahat yoki amaliy yordamga muhtoj xotin-qizlar.
Qanday murojaat qilinadi?
Xotin-qizlarning muammolari:
- har yili yanvarь oyida «mahalla ettiligi» tomonidan uyma-uy o‘rganish;
- «mahalla ettiligi»ga bevosita murojaat qilish;
- «Ayollar daftari» axborot tizimi orqali murojaat yuborish asosida aniqlanadi.
«Mahalla ettiligi» — mahalla raisi rahbarligidagi hokim yordamchisi, yoshlar etakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektoridan iborat guruh.
Anketa to‘ldirilganidan keyin 3 kun ichida ehtiyojmandlik toifasi aniqlanadi. Shundan so‘ng 3 kundan oshmagan muddatda xotin-qizni daftarga kiritish yoki asoslantirilgan tarzda rad etish haqida qaror qabul qilinadi. Daftarga kiritilgan har bir xotin-qiz uchun individual dastur ishlab chiqiladi.
Qanday yordamlar ko‘rsatilishi mumkin?
Ehtiyoj toifasi va individual dasturga qarab:
- ishga joylashtirish, kasbga o‘qitish va bandlikni ta’minlash;
- tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish yoki kengaytirishga ko‘maklashish;
- turar joy ijarasi uchun kompensatsiya, ijtimoiy uyga joylashtirish yoki uy-joyni ta’mirlash;
- tibbiy ko‘rik, davolanish va psixologik yordam;
- huquqiy maslahat, hujjatlarni rasmiylashtirish va sudga murojaat qilishda ko‘maklashish;
- qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishi mumkin.
Ijtimoiy reestrdagi xotin-qizlarga jarrohlik amaliyotisiz davolanish xarajatlari BHMning 50 baravarigacha, jarrohlik amaliyoti xarajatlari esa davlat tibbiy sug‘urtasi bo‘yicha belgilangan bazaviy narxlar doirasida qoplanishi mumkin. Daftarga kiritilish barcha yordamlarni avtomatik olish huquqini bermaydi — yordam turi individual dastur va belgilangan mezonlar asosida aniqlanadi.
Qachon daftardan chiqariladi?
Xotin-qiz:
- individual dasturdagi yordamlar to‘liq ko‘rsatilganda;
- to‘liq davlat ta’minotiga olinganda;
- o‘z arizasiga ko‘ra;
- daftarga noqonuniy kiritilgani aniqlanganda;
- boshqa davlatga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganda;
- ozodlikdan mahrum qilish haqidagi sud hukmi kuchga kirganda;
- vafot etganda yoki sud tomonidan bedarak yo‘qolgan deb topilganda daftardan chiqariladi.
Individual dasturdagi masalalar to‘liq hal etilmasdan turib xotin-qizni daftardan chiqarish mumkin emas.
Rad etishdan norozi bo‘lsa nima qilish mumkin?
Daftarga kiritish rad etilganda uning asoslantirilgan sababi ko‘rsatilishi kerak. Xotin-qiz noto‘g‘ri ma’lumotlarni tuzatishni talab qilishi, yuqori turuvchi Oila va xotin-qizlar organiga yoki ma’muriy sudga shikoyat qilishi mumkin.