Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 93071 marta o'qildi

Gaz balloni uskunasini o‘rnatish

Gaz balloni uskunasi ishlab chiqaruvchining yo‘riqnomasi yoki belgilangan tartibda tayyorlangan texnik loyiha asosida tegishli talablarga javob beradigan ixtisoslashtirilgan tashkilot tomonidan o‘rnatiladi.

O‘rnatish yakunlanganidan keyin tashkilot:

  • uskuna ulanmalarining germetikligi va ishonchliligini tekshiradi;
  • uskunani sozlaydi va tartibga soladi;
  • transport vositasiga belgilangan tanish belgisini o‘rnatadi;
  • qabul qilish-topshirish hujjatlarini rasmiylashtiradi.

Ballonni joylashtirish talablari

Gaz balloni transport vositasiga mustahkam va qimirlamaydigan qilib o‘rnatilishi kerak.

Quyidagilarga yo‘l qo‘yilmaydi:

  • ballonni dvigatelь bo‘linmasiga o‘rnatish;
  • ballonni po‘lat troslar bilan mahkamlash;
  • mahkamlash detallarini ballon korpusiga payvandlash;
  • ballonning boshqa metall yuzalarga bevosita tegib turishi;
  • gaz uskunasi elementlarini chiqindi gaz tizimi yoki boshqa issiqlik manbaidan 100 millimetrdan yaqin joylashtirish.

Transport foydalanishga tayyor holatda bo‘lganda ballon bilan yo‘l yuzasi o‘rtasidagi masofa kamida 200 millimetr bo‘lishi shart.

Muhim: ballonni dvigatelь bo‘linmasiga o‘rnatish qat’iyan taqiqlanadi.

Ballonlarni texnik tekshirish muddatlari

Transport vositasiga o‘rnatilgan ballonlar quyidagi muddatlarda davriy texnik tekshiriladi:

  • siqilgan tabiiy gaz balloni — 3 yilda bir marta;
  • suyultirilgan neftь gazi balloni — 2 yilda bir marta.

Texnik tekshirishni belgilangan talablarga javob beradigan va ushbu faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega yuridik shaxslar o‘tkazadi.

Tekshirishda ballonning tashqi holati, korroziya, yoriq, botiqlik va boshqa shikastlanishlar mavjudligi, shuningdek uning germetikligi va mustahkamligi tekshiriladi.

Ballonning xizmat muddati

Metall ballonning xizmat muddati ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilanadi, biroq:

  • siqilgan tabiiy gaz balloni uchun — 15 yildan yoki 15 000-marta to‘ldirish tsiklidan;
  • suyultirilgan neftь gazi balloni uchun — 15 yildan oshmasligi kerak.

Muhim: xizmat muddati tugagan, yorilgan, kuchli korroziyaga uchragan yoki boshqa yo‘l qo‘yilmaydigan shikastlanishi mavjud ballondan foydalanish mumkin emas. Bunday ballon utilizatsiya qilinishi kerak.

Talablar Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 11 noyabrdagi 326-son qarori bilan tasdiqlangan texnik reglamentda belgilangan.

Chat