Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 17973 marta o'qildi

Nimalar hayvonot dunyosi ob’ekti hisoblanadi?

Hayvonot dunyosi ob’ektlariga:

  • sut emizuvchilar, qushlar, sudralib yuruvchilar, suvda va quruqlikda yashovchilar, baliqlar, umurtqasizlar va ularning populyatsiyalari;
  • yovvoyi hayvonlardan tashkil topgan tabiiy guruhlar;
  • kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlar;
  • yovvoyi hayvonlarning hayot faoliyati mahsulotlari kiradi.

Tabiiy erkinlikda yashayotgan hamda tabiiy yashash muhitiga qo‘yib yuborilgan yovvoyi hayvonlar davlat mulki hisoblanadi.

Umumiy foydalanish nima?

Jismoniy shaxslar hayvonot dunyosi ob’ektlaridan hayvonlarni tabiiy muhitdan ajratib olmasdan va ularga hamda yashash muhitiga zarar etkazmasdan umumiy tarzda foydalanishi mumkin.

Bunday umumiy foydalanish, qoida tariqasida, bepul va maxsus ruxsatnomasiz amalga oshiriladi. Sport va havaskorlik maqsadida baliq ovlashga oid maxsus qoidalar bundan mustasno.

Maxsus foydalanish qachon yuzaga keladi?

Yovvoyi hayvonlarni tabiiy muhitdan ajratib olish bilan bog‘liq foydalanish maxsus foydalanish hisoblanadi.

Bunga, jumladan:

  • ov qilish;
  • baliq ovlash;
  • yovvoyi hayvonlarni ko‘chirish yoki iqlimlashtirish;
  • ilmiy va nazorat maqsadlarida foydalanish;
  • hayvonlar hayot faoliyati mahsulotlarini olish;
  • hayvonlarni yarim erkin yoki sun’iy sharoitlarda saqlash kabi faoliyatlar kiradi.

Maxsus foydalanish tasdiqlangan kvotalar doirasida va qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda ruxsatnoma hamda to‘lov asosida amalga oshiriladi.

Har qanday hayvonni tutish uchun ruxsatnoma kerakmi?

Pitomniklarda va hovuz xo‘jaliklarida etishtirilgan hamda shu xo‘jalik hududidagi hayvonlarni tutish uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.

Tabiiy muhitdagi yovvoyi hayvonlarga nisbatan esa tegishli kvota, ruxsatnoma va hayvon turiga qarab maxsus talablar qo‘llaniladi.

To‘lov qilinsa, boshqa majburiyatlar bekor bo‘ladimi?

Yo‘q. Hayvonot dunyosidan maxsus foydalanganlik uchun to‘lov qilish foydalanuvchini yovvoyi hayvonlarni va ularning yashash muhitini muhofaza qilish, takror ko‘paytirish va biotexnik tadbirlarni bajarish majburiyatlaridan ozod qilmaydi.

Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda hayvonot dunyosidan foydalanish shu hudud uchun belgilangan maxsus rejimga muvofiq amalga oshiriladi.

Eslatma: er yoki suv ob’ektiga egalik qilishning o‘zi undagi yovvoyi hayvonlarni tutish yoki ovlash huquqini bermaydi. Yovvoyi hayvonlardan foydalanish huquqi er va suvdan foydalanish huquqidan alohida tartibga solinadi.

Chat