Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 68975 marta o'qildi

Prezident — O‘zbekiston Respublikasining davlat boshlig‘i bo‘lib, davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini va hamkorligini ta’minlaydi.

Prezidentlikka kim saylanishi mumkin?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga:

  • 35 yoshdan kichik bo‘lmagan;
  • davlat tilini yaxshi biladigan;
  • bevosita saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashagan;
  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi

saylanishi mumkin.

Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bo‘lishi mumkin emas. Prezident 7 yil muddatga saylanadi.

Qasddan sodir etilgan jinoyati uchun ilgari sudlangan fuqarolar, shuningdek diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari Prezidentlikka nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi.

Prezident qanday saylanadi?

Prezident O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. Prezident saylovini o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasining butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanadi.

Prezident saylovi, qoida tariqasida, Prezidentning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda oktyabrь oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi. Konstitutsiyada nazarda tutilgan hollarda muddatidan ilgari Prezident saylovi o‘tkazilishi mumkin.

Kim ovoz berish huquqiga ega?

Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari saylash huquqiga ega.

Har bir saylovchi bir ovozga ega. Fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, ijtimoiy mavqei, ma’lumoti yoki mashg‘ulotidan qat’i nazar teng saylov huquqiga ega.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sud hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq va sud qarori asosida mahrum etilishi mumkin. Boshqa hollarda saylov huquqlarini cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yashirin ovoz berish

Saylovda ovoz berish erkin va yashirin amalga oshiriladi. Saylovchining xohish-irodasini nazorat qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yashirin ovoz berish saylovchining tanlovi ustidan har qanday nazorat imkoniyatini istisno etadigan sharoitlarni yaratish orqali ta’minlanadi.

Yashirin ovoz berish — saylovchining kimga ovoz bergani boshqa shaxslar tomonidan nazorat qilinishi yoki aniqlanishiga yo‘l qo‘ymaydigan ovoz berish tartibi.

Saylov uchastkalari

Saylov uchastkalari tumanlar va shaharlar hokimliklarining taqdimnomasiga binoan hududiy saylov komissiyalari tomonidan 5 yil muddatga tuziladi.

Zarur hollarda chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalar huzurida, harbiy qismlarda, davolash muassasalarida, olis hududlarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida ham saylov uchastkalari tuzilishi mumkin.

Prezidentlikka nomzodlarni kim ko‘rsatadi?

Prezidentlikka nomzodlarni siyosiy partiyalarning yuqori organlari ko‘rsatadi.

Siyosiy partiya Prezidentlikka o‘z partiyasi a’zosini yoki partiyasiz shaxsni nomzod qilib ko‘rsatishi mumkin. Har bir siyosiy partiya bitta nomzod ko‘rsatish huquqiga ega.

Siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida 4 oy oldin Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan bo‘lishi kerak. Prezidentlikka nomzodlar ko‘rsatish saylovga 65 kun qolganida boshlanadi va 45 kun qolganida tugaydi.

Nomzodni ro‘yxatga olish uchun taqdim etiladigan imzo varaqalarida respublikadagi saylovchilar umumiy sonining kamida 1 foizi imzosi bo‘lishi kerak. Bunda bitta ma’muriy-hududiy tuzilmada imzolar umumiy sonining ko‘pi bilan 8 foizi to‘planishi mumkin.

Muddatidan oldin ovoz berish

Saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.

Muddatidan oldin ovoz berish saylovga 10 kun qolganida boshlanadi va 3 kun qolganida tugaydi.

Takroriy ovoz berish

Agar Prezident saylovida ikki nafardan ortiq nomzod ishtirok etsa va ulardan hech biri ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan ko‘p ovozini olmasa, eng ko‘p ovoz to‘plagan ikki nomzod o‘rtasida takroriy ovoz berish o‘tkaziladi.

Takroriy ovoz berish asosiy saylovdan keyin bir oy ichida, lekin saylov kunidan kamida 15 kun keyin o‘tkaziladi. Takroriy ovoz berishda boshqa nomzodga nisbatan ko‘proq ovoz olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.

Prezident qachon lavozimiga kirishadi?

Yangi saylangan Prezident Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini rasmiy e’lon qilgan kundan e’tiboran kechi bilan 2 oy ichida Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida qasamyod qilgan paytdan lavozimiga kirishadi.

Amaldagi Prezident o‘z vakolatlarini yangi saylangan Prezident lavozimiga kirishguniga qadar bajaradi.

Eslatma: Prezident saylovida fuqaroning ovoz berishi erkin va yashirin bo‘lib, uning xohish-irodasini nazorat qilishga yoki qonunchilikda nazarda tutilmagan asoslarda saylov huquqini cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Chat