Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 69134 marta o'qildi

Oliy Majlis qanday tuzilgan?

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ikki palatadan:

  • Qonunchilik palatasi — quyi palata;
  • Senat — yuqori palata iborat.

Qonunchilik palatasi va Senatning vakolat muddati 5 yil. Qonunchilik palatasi 150 nafar deputatdan iborat.

Fuqaro necha yoshdan ovoz berishi mumkin?

Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi saylash huquqiga ega.

Har bir saylovchi saylovda bir ovozga ega va fuqarolar teng saylov huquqidan foydalanadi.

Qonunchilik palatasi deputatlari qanday saylanadi?

Qonunchilik palatasining 150 nafar deputati aralash saylov tizimi asosida saylanadi:

  • 75 nafar deputat — hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha;
  • 75 nafar deputat — butun O‘zbekiston hududini qamrab oluvchi yagona saylov okrugida siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib ravishda partiya ro‘yxati bo‘yicha.

Bir mandatli okrugda boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovoz olgan nomzod saylangan hisoblanadi.

Partiya ro‘yxati bo‘yicha esa saylovda ishtirok etgan saylovchilarning kamida 7 foiz ovozini olgan siyosiy partiyalar mandatlarni taqsimlashda ishtirok etadi.

Qonunchilik palatasi deputatligiga kim nomzod bo‘lishi mumkin?

Saylov kuni:

  • 25 yoshga to‘lgan;
  • O‘zbekiston Respublikasi hududida kamida 5 yil muqim yashagan

fuqaro Qonunchilik palatasi deputatligiga saylanish huquqiga ega.

Og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat uchun sudlanganligi tugallanmagan shaxslar, so‘nggi 5 yil O‘zbekistonda muqim yashamagan fuqarolar, ayrim harbiylashtirilgan organlar xodimlari va diniy tashkilotlarning professional xizmatchilari deputatlikka nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi.

Nomzodlarni kim ko‘rsatadi?

Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni siyosiy partiyalarning yuqori organlari ko‘rsatadi.

Nomzodlar ko‘rsatish saylovga 65 kun qolganda boshlanadi va 45 kun qolganda tugaydi. Partiya bir mandatli okruglar bo‘yicha 75 nafar nomzod, partiya ro‘yxati bo‘yicha esa 75 nafardan 100 nafargacha nomzod ko‘rsatishi mumkin.

Bir mandatli okrug bo‘yicha ko‘rsatilgan nomzod partiya ro‘yxatiga kiritilmaydi.

Siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlarning kamida 40 foizi ayollar bo‘lishi kerak. Partiya ro‘yxatidagi har 5 nafar nomzodning kamida 2 nafari ayol bo‘lishi lozim.

Senat qanday shakllantiriladi?

Senat hududiy vakillik palatasi hisoblanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, har bir viloyat va Toshkent shahridan 4 nafardan senator tegishli vakillik organlari deputatlarining qo‘shma majlislarida ularning o‘z orasidan yashirin ovoz berish orqali saylanadi.

Yana 9 nafar Senat a’zosi fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish va davlat hamda jamiyat faoliyatining boshqa sohalarida katta tajriba va alohida xizmatlarga ega obro‘li fuqarolar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.

Senatorlarni saylash mahalliy Kengashlar deputatlari saylanganidan keyin 1 oydan kechiktirmay o‘tkaziladi. Senat a’zoligiga nomzod bo‘lish uchun shaxs 25 yoshga to‘lgan va O‘zbekiston hududida kamida 5 yil muqim yashagan tegishli vakillik organi deputati bo‘lishi kerak.

Eslatma: fuqarolar Qonunchilik palatasi deputatlarini bevosita saylaydi. Senatning hududlardan saylanadigan a’zolari esa fuqarolar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, tegishli mahalliy vakillik organlari deputatlarining qo‘shma majlislarida saylanadi.

Chat