Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 12371 marta o'qildi

Mahalliy Kengashlarga saylov hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida 5 yil muddatga o‘tkaziladi.

  • Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish uchun siyosiy partiya saylovga kamida 70 kun qolganida tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak.

Saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida 5 kunlik muddatda partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risida uzil-kesil qaror qabul qiladi. Saylovda ishtirok etuvchi partiyalar ro‘yxati arizalarning kelib tushish navbati tartibiga qarab matbuotda e’lon qilinadi.

Mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarga qo‘yiladigan talablar

Saylov kuni 21 yoshga to‘lgan hamda kamida 5 yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan fuqarolar mahalliy Kengashlar deputatligiga saylanish huquqiga ega.

Quyidagilar:

  • sodir etgan og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar;
  • saylov kuniga qadar so‘nggi 5 yil mobaynida O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashamagan fuqarolar;
  • O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining, Milliy gvardiyasining, Ichki ishlar vazirligining, Davlat bojxona qo‘mitasining, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalarning xodimlari;
  • diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi.

Sudьyalar, prokuratura organlarining va ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslari (bundan viloyat, tuman va shahar hokimlari mustasno) deputat etib saylangan taqdirda, egallab turgan lavozimidan bo‘shash to‘g‘risida ariza berish sharti bilan mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olinadi.

Mahalliy Kengashlarning deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish saylovga 65 kun qolganida boshlanadi va saylovga 45 kun qolganida tugallanadi.

Ayollarning soni siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar umumiy sonining kamida 40 foizini tashkil etishi kerak.        

Bo‘shab qolgan o‘rinlarga mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini o‘tkazish
  • Deputatlarning vakolatlari muddatidan oldin tugatilgan hollarda tegishli saylov okruglarida yangi saylov o‘tkaziladi.
  • Saylov Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov o‘tkazilishiga kamida 1 oy qolganida tayinlanadi va ushbu Kodeksning talablariga rioya etilgan holda tashkil etiladi. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.
  • Tegishli mahalliy Kengashning vakolat muddati tugashiga 6 oydan kam vaqt qolganida deputatning o‘rni bo‘shab qolgan taqdirda, bo‘shab qolgan o‘ringa yangi deputat saylovi o‘tkazilmasligi mumkin.

Okrug bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash

Okrug bo‘yicha saylov natijalari faqat uchastka saylov komissiyalarining taqdim etilgan bayonnomalari asosida aniqlanadi. Okrug saylov komissiyasi:

  • okrug bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan saylovchilarning umumiy sonini;
  • saylov byulletenlarini olgan saylovchilar sonini;
  • ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar sonini;
  • har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sonini;
  • haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlari sonini aniqlaydi.

Uchastka saylov komissiyasining bayonnomasida aks ettirilgan, ovozlarni sanab chiqish chog‘ida nomuvofiqliklar aniqlangan taqdirda, okrug saylov komissiyasi o‘z majlisida uchastka komissiyasiga ushbu nomuvofiqliklarni bartaraf etishni taklif qilishga haqli.

Mahalliy Kengashlarga o‘tkazilgan saylovni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi qaror tegishli saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi va ovoz berish yakunlari e’lon qilingan kundan e’tiboran 5 kun ichida bu qaror ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Chat