Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 26767 marta o'qildi

Saylov komissiyalari tizimi

O‘zbekistonda saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish uchun quyidagi saylov komissiyalari faoliyat yuritadi:

  • Markaziy saylov komissiyasi;
  • hududiy saylov komissiyalari;
  • tuman va shahar saylov komissiyalari;
  • xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari;
  • uchastka saylov komissiyalari.

Saylov komissiyalari o‘z faoliyatini davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslardan mustaqil amalga oshiradi. Ularning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Masalalar komissiyalar tomonidan kollegial tarzda ko‘rib chiqiladi va qarorlar qabul qilinadi. Komissiyalar faoliyati ochiq va oshkora amalga oshiriladi.

Kollegiallik — masalalar bir shaxs tomonidan emas, komissiya a’zolari ishtirokida birgalikda muhokama qilinib, qaror qabul qilinishi.

Markaziy saylov komissiyasi qanday tuziladi?

Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan 9 nafar a’zodan iborat tarkibda tuziladi va doimiy asosda faoliyat yuritadi.

Komissiyaning bir nafar a’zosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakili bo‘ladi.

Markaziy saylov komissiyasi a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyalariga ko‘ra Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan saylanadi.

Komissiya raisi qanday saylanadi?

Markaziy saylov komissiyasining raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan komissiya a’zolari orasidan komissiya majlisida 5 yil muddatga saylanadi.

Ayni bir shaxs surunkasiga 2 muddatdan ortiq Markaziy saylov komissiyasi raisi etib saylanishi mumkin emas.

Raisning o‘rinbosari va komissiya kotibi komissiya a’zolari orasidan komissiya majlisida saylanadi.

Markaziy saylov komissiyasi a’zosiga qo‘yiladigan talablar

Markaziy saylov komissiyasi a’zosi bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxs:

  • 25 yoshga to‘lgan bo‘lishi;
  • qoida tariqasida oliy ma’lumotga ega bo‘lishi;
  • saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish sohasida ish tajribasiga ega bo‘lishi;
  • jamoatchilik o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan bo‘lishi;
  • kamida oxirgi 5 yil O‘zbekiston hududida doimiy yashagan bo‘lishi kerak.

Markaziy saylov komissiyasining asosiy vazifalari

Markaziy saylov komissiyasi, jumladan:

  • Prezident, Oliy Majlis va mahalliy Kengashlarga saylovlarni tashkil etadi;
  • saylov komissiyalari tizimiga boshchilik qiladi;
  • saylov kampaniyasi boshlanganligini e’lon qiladi;
  • saylov komissiyalari faoliyatini uslubiy jihatdan ta’minlaydi;
  • Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi va Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidan foydalanishni muvofiqlashtiradi;
  • Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi uchun saylov okruglarini tuzadi;
  • hududiy saylov komissiyalarini tuzadi;
  • Prezidentlikka nomzodlarni va qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda partiya ro‘yxatlarini ro‘yxatga oladi;
  • chet davlatlar va xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilariga mandatlar beradi;
  • qonunchilikka zid saylov komissiyalari qarorlarini belgilangan tartibda bekor qiladi.

Komissiya qarorlari

Markaziy saylov komissiyasi majlisida komissiya a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etsa, majlis vakolatli hisoblanadi.

Qarorlar ochiq ovoz berish yo‘li bilan komissiya a’zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lib qolsa, raisning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

Markaziy saylov komissiyasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari saylov komissiyalari, davlat organlari, siyosiy partiyalar, tashkilotlar va boshqa tegishli sub’ektlar uchun majburiydir.

Eslatma: saylov komissiyalari o‘z faoliyatida mustaqildir. Davlat organlari, mansabdor shaxslar yoki boshqa tashkilotlarning ular faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Chat