Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 17004 marta o'qildi

Saylovoldi tashviqoti nima?

Saylovoldi tashviqoti — saylov kampaniyasi davrida saylovchilarni muayyan nomzod yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyat.

Nomzodlar, ularning ishonchli vakillari, siyosiy partiyalar va ularning vakillari qonunda belgilangan shakl va usullarda tashviqot olib borish huquqiga ega.

Tashviqot qachon boshlanadi va tugaydi?

Tashviqot nomzodlar va partiya ro‘yxatini ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan boshlanadi.

Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida tashviqot olib borishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Nimalar taqiqlanadi?

Tashviqotni:

  • saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish;
  • axborot xizmatlaridan tashqari bepul yoki imtiyozli xizmatlar ko‘rsatish;
  • saylovchilarga pul mablag‘lari to‘lash bilan birga olib borish taqiqlanadi.

Shuningdek:

  • noto‘g‘ri axborot tarqatish;
  • shaxsga doir ma’lumotlar maxfiyligini buzish;
  • nomzodning sha’ni va qadr-qimmatiga putur etkazuvchi ma’lumotlarni tarqatish taqiqlanadi.

Kimlarga tashviqot olib borish taqiqlangan?

Quyidagilar saylovoldi tashviqotini olib borishi mumkin emas:

  • davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari;
  • Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilari;
  • Davlat xavfsizlik xizmati, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari;
  • sudьyalar;
  • saylov komissiyalari a’zolari;
  • diniy tashkilotlarning professional xizmatchilari.

Tashviqot qanday shakllarda o‘tkaziladi?

Tashviqot:

  • ommaviy munozara va bahslar;
  • matbuot konferentsiyalari;
  • fuqarolar yig‘ilishlari;
  • intervьyular;
  • ommaviy axborot vositalarida chiqishlar;
  • videoroliklar;
  • Internet va telekommunikatsiya tarmoqlari;
  • plakat, varaqa, audiovizual va boshqa materiallar;
  • saylovchilar bilan uchrashuvlar orqali amalga oshirilishi mumkin. Qonun bilan taqiqlanmagan boshqa usullardan ham foydalanish mumkin.

Ommaviy axborot vositalarida tashviqot

Davlat ommaviy axborot vositalari nomzodlar va siyosiy partiyalarga hajmi bo‘yicha bir xil bo‘lgan efir vaqti va nashr maydonini bepul ajratish orqali teng sharoit yaratishi kerak.

Davlat va nodavlat OAVda haq evaziga efir vaqti yoki nashr maydoni ham ajratilishi mumkin. Bunda to‘lov shartlari va boshqa talablar barcha ishtirokchilar uchun teng va bir xil bo‘lishi shart.

Saylovchilar bilan uchrashuvlar

Nomzodlar va siyosiy partiyalar saylovchilar bilan uchrashuvlarni mustaqil tashkil etadi. Uchrashuv joyi va vaqti haqida tegishli hududiy, tuman, shahar yoki uchastka saylov komissiyasiga ma’lum qilinadi.

Bunday ommaviy tadbir o‘tkaziladigan joy va vaqt haqida tegishli tuman yoki shahar hokimligi kamida 3 kun oldin yozma ravishda xabardor qilinadi.

Bunda alohida ruxsatnoma olish talab etilmaydi.

Eslatma: tashviqot erkin olib borilishi mumkin, biroq saylovchini pul, tovar yoki imtiyoz bilan rag‘batlantirish, noto‘g‘ri ma’lumot tarqatish va saylov kuni yoki undan bir kun oldin tashviqot qilish taqiqlanadi.

Chat