Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 22670 marta o'qildi

Takroriy ovoz berish — asosiy saylovda g‘olib aniqlanmagan holda eng ko‘p ovoz olgan nomzodlar o‘rtasida qayta ovoz berish.

Takroriy saylov — qonunda belgilangan asoslar mavjud bo‘lganda saylov jarayonini belgilangan tartibda qayta o‘tkazish.

Prezident saylovida takroriy ovoz berish

Agar Prezident saylovida 2 nafardan ortiq nomzod ishtirok etsa va ulardan hech biri ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan ko‘p ovozini olmasa, takroriy ovoz berish o‘tkaziladi.

Unda birinchi ovoz berishda eng ko‘p ovoz olgan 2 nafar nomzod ishtirok etadi.

Takroriy ovoz berish qachon o‘tkaziladi?

Markaziy saylov komissiyasi takroriy ovoz berish kunini asosiy Prezident saylovidan keyin 1 oy ichida, lekin asosiy saylov kunidan kamida 15 kun keyin o‘tkaziladigan qilib belgilaydi.

Takroriy ovoz berishda ikkinchi nomzodga nisbatan ko‘proq ovoz olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.

Bunda saylovchilarning ishtirok etish foizi hisobga olinmaydi.

Prezidentning takroriy saylovi qachon o‘tkaziladi?

Markaziy saylov komissiyasi Prezidentning takroriy saylovini:

  • Prezident saylovi o‘tmagan deb topilsa;
  • Prezident saylovi haqiqiy emas deb topilsa;
  • saylovda bitta nomzod qatnashib, u zarur miqdorda ovoz to‘play olmasa tayinlaydi.

Prezidentning takroriy saylovi asosiy saylov uchun belgilangan tartib va shartlarga rioya etilgan holda o‘tkaziladi.

U asosiy saylovdan keyin 70 kun ichida o‘tkazilishi kerak.

Deputatlar bo‘yicha takroriy saylov

Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlarining takroriy saylovi:

  • saylov o‘tmagan deb topilsa;
  • saylov okrugi bo‘yicha saylov haqiqiy emas deb topilsa;
  • deputatlikka nomzodlar eng ko‘p va teng miqdorda ovoz olsa o‘tkaziladi.

Takroriy saylov tegishli saylov komissiyasining topshirig‘iga ko‘ra vakolatli saylov komissiyalari tomonidan o‘tkaziladi.

Ovoz berish asosiy saylov uchun tuzilgan o‘sha saylov uchastkalarida va o‘sha saylovchilar ro‘yxatlari bo‘yicha o‘tkaziladi.

Deputatlarning takroriy saylovi asosiy saylovdan keyin kechi bilan 1 oy ichida o‘tkaziladi.

Eslatma: takroriy ovoz berish va takroriy saylov bir xil tushuncha emas. Amaldagi Saylov kodeksiga ko‘ra Prezident saylovida g‘olib aniqlanmagan ayrim holatlarda takroriy ovoz berish, deputatlar saylovida esa belgilangan asoslar mavjud bo‘lganda takroriy saylov o‘tkaziladi.

Chat