Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 18036 marta o'qildi

 

Er uchastkasi — qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun berilmagan yoki ushbu maqsadlar uchun mo‘ljallanmagan er uchastkasi.

Er uchastkasini xususiylashtirish — ommaviy mulk bo‘lgan er uchastkasini O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan jismoniy shaxslar va (yoki) O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar mulkiga o‘tkazish.

Er uchastkalarini xususiylashtirish ob’ektlari:
  • yuridik shaxslarga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan yoki ular tomonidan xususiylashtirilayotgan binolar va inshootlar, ishlab chiqarish infratuzilmasi ob’ektlari joylashgan er uchastkalari, shuningdek ularga tutash bo‘lgan, ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun zarur o‘lchamlardagi er uchastkalari;
  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun berilgan er uchastkalari;
  • bo‘sh turgan er uchastkalari;
  • O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasiga berilgan er uchastkalari.

Quyidagi er uchastkalari xususiylashtirilmaydi:
  • tasdiqlangan va e’lon qilingan rejalashtirish sxemalari bo‘lmagan hududlarda joylashgan er uchastkalari;
  • ro‘yxati qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadigan, xususiylashtirilmaydigan foydali qazilmalar konlari, davlat mulkidagi strategik ob’ektlar joylashgan er uchastkalari;
  • tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlari va tarixiy-madaniy maqsadlar uchun mo‘ljallangan erlar tarkibiga kiruvchi er uchastkalari, shuningdek o‘rmon va suv fondlarining, shaharlar va shaharchalarning umumiy foydalanishdagi erlari (maydonlar, ko‘chalar, tor ko‘chalar, yo‘llar, sohil bo‘ylari, skverlar, xiyobonlar);
  • xavfli moddalar bilan zararlangan va biogen zaharlanishga duchor bo‘lgan er uchastkalari;
  • erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ishtirokchilariga berilgan er uchastkalari.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan jismoniy shaxslar va O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar er uchastkalarini xususiylashtirish sub’ektlaridir.

Chet ellik fuqarolar va O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar er uchastkalarini xususiylashtirish sub’ektlari bo‘lmaydi.

Ko‘chmas mulk ob’ektlari joylashgan er uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi ariza:
  • O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan yuridik shaxs tomonidan o‘ziga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan yoki ushbu shaxs tomonidan xususiylashtirilayotgan binolar va inshootlar, ishlab chiqarish infratuzilmasi ob’ektlari joylashgan er uchastkalariga, shuningdek ularga tutash bo‘lgan, ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun zarur o‘lchamlardagi er uchastkalariga nisbatan;
  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan jismoniy shaxs tomonidan o‘ziga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun berilgan er uchastkalariga nisbatan beriladi.

Ariza er uchastkasi joylashgan erdagi tuman (shahar) hokimining nomiga davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali beriladi.

  • Er uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya ariza olingan kundan e’tiboran 10 ish kuni ichida uni ko‘rib chiqadi va Er uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishga doir ma’muriy reglamentga muvofiq o‘z ijobiy yoki salbiy xulosasini tuzadi.
  • Er uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyaning xulosasi tuman (shahar) hokimining er uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi yoki ularni xususiylashtirishni rad etish haqidagi tegishli qarorini qabul qilish uchun asos bo‘ladi.

Er uchastkalarini xususiylashtirishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
  • er uchastkalarini xususiylashtirish uchun Qonunda nazarda tutilgan asoslarning mavjud emasligi;
  • xususiylashtiriladigan er uchastkalariga nisbatan tugallanmagan sud muhokamalarining mavjudligi;
  • xususiylashtiriladigan er uchastkalarida joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlariga nisbatan taqiqning yoki xatlovning mavjudligi;
  • aholi punktlari tasdiqlangan bosh rejalarining, shuningdek ariza berilguniga qadar qabul qilingan hamda er uchastkalarini xususiylashtirishga bevosita to‘sqinlik qilayotgan er uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish, infratuzilma ob’ektlarini qurish to‘g‘risida vakolatli davlat organlari hujjatlarining mavjudligi;
  • arizada noto‘g‘ri, bir-biriga zid bo‘lgan yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar aniqlanganligi;
  • xususiylashtiriladigan er uchastkasi uchun to‘lovning belgilangan muddatda (10 ish kuni) amalga oshirilmaganligi yoki to‘liq amalga oshirilmaganligi.

Er uchastkalarini xususiylashtirishni boshqa sabablarga ko‘ra rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Chat