Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 25905 marta o'qildi

Yaylovlar muhofazasi uchun – maxsus strategiya | NORMA.UZ

Yaylovdan kim foydalanishi mumkin?

Yaylov — chorva mollari uchun ozuqa bo‘ladigan tabiiy o‘simlik qoplamiga ega er. Jismoniy va yuridik shaxslar yaylovlardan er uchastkasini ijaraga, shu jumladan ikkilamchi ijaraga olish orqali foydalanishi mumkin.

Yaylov erlarining ijara huquqi jismoniy va yuridik shaxslarga elektron onlayn-auktsion orqali berilishi mumkin.

Foydalanishdan chiqib ketgan ayrim yaylovlar investitsiya shartnomasi yoki davlat-xususiy sheriklik asosida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi uchun kamida 3 yildan 49 yilgacha ijaraga berilishi mumkin.

Yaylovdan qanday foydalanish kerak?

Chorva mollarini o‘tlatish va pichan o‘rish yaylov turi, maydoni, o‘tlatiladigan chorva turi va soniga qarab belgilanadigan me’yor hamda muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi.

Yaylovdan foydalanuvchi:

  • erdan belgilangan maqsadda oqilona foydalanishi;
  • o‘simlik qoplamini tiklash va tanazzulga uchrashining oldini olishi;
  • yaylovlar almashinishiga rioya qilishi;
  • yong‘inlarning oldini olishi;
  • zararkunanda va kasalliklarga qarshi chora ko‘rishi shart.

Yaylov uchun qanday haq to‘lanadi?

Yaylovdan foydalanganlik uchun to‘lov er solig‘i yoki ijara haqi shaklida undiriladi.

2026-yilda qanday yangi imkoniyat joriy etildi?

PF–83-son Farmon doirasida foydalanishga kiritiladigan ayrim lalmi va yaylov er uchastkalari er tuzish loyihasi va texnik-iqtisodiy asos bilan birga E-auksion savdolariga chiqariladi. Erni foydalanishga kiritish muddati uni ajratilgan kundan boshlab ko‘pi bilan 2 yil etib belgilanadi.

Ushbu mexanizm doirasida «Agrobank» orqali erlarni foydalanishga kiritish uchun 10 yil muddatga, 4 yillik imtiyozli davr bilan, yillik 14 foiz stavkada, har gektarga 20 mln so‘mgacha kredit ajratish nazarda tutilgan.

Agar er belgilangan muddatda foydalanishga kiritilmasa, bu undan oqilona foydalanilmagan deb baholanishi va erga bo‘lgan huquqni bekor qilish, imtiyozli kredit shartlarini o‘zgartirish hamda berilgan subsidiya va imtiyozlarni bekor qilishga olib kelishi mumkin.

Yaylovdan foydalanish huquqi qachon tugatilishi mumkin?

Jumladan, ijara muddati tugaganda, er boshqa maqsadda yoki oqilona foydalanilmaganda, jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganda yoki foydalanuvchi ixtiyoriy ravishda voz kechganda yaylovdan foydalanish huquqi tugatilishi mumkin.

Eslatma: yaylovni ijaraga olish uni cheklovsiz o‘tlatish huquqini bermaydi. Chorva soni, foydalanish muddati va yaylovlar almashinishi bo‘yicha belgilangan me’yorlarga rioya qilish kerak.

Chat