Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 74242 marta o'qildi

Bojxona to‘lovlarining qanday turlari bor?

Tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tishda va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda bojxona to‘lovlari to‘lanadi. Bojxona to‘lovlariga:

  • bojxona boji;
  • qo‘shilgan qiymat solig‘i;
  • aktsiz solig‘i;
  • bojxona yig‘imlari kiradi. Bojxona bojlariga import, eksport, maxsus, antidemping, kompensatsiya va mavsumiy bojlar kiradi.

Bojxona to‘lovlari stavkalari qanday belgilanadi?

Bojxona bojlarining stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, bojxona yig‘imlarining stavkalari esa Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i va aktsiz solig‘i soliq va bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq qo‘llaniladi.

Bojxona to‘lovlarining advalor, xos va aralash stavkalari qo‘llanilishi mumkin. Advalor stavka tovarning bojxona qiymatiga nisbatan foizda, xos stavka tovar birligi uchun belgilangan miqdorda hisoblanadi.

Bojxona to‘lovlarini kim to‘laydi?

Bojxona to‘lovlarini, odatda, deklarant to‘laydi. Shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa, bojxona brokeri ham to‘lovchi bo‘lishi mumkin.

Bojxona rejimlari talablari buzilgan ayrim hollarda bojxona ombori, erkin ombor yoki boj olinmaydigan savdo do‘koni egasi, tashuvchi, shuningdek xalqaro pochta va kurьerlik jo‘natmalari operatorlari ham to‘lovchi hisoblanishi mumkin. Har qanday manfaatdor shaxs to‘lovchi uchun bojxona to‘lovlarini to‘lashga haqli.

Qachon bojxona yig‘imi undiriladi?

Bojxona yig‘imlari, jumladan, bojxona rasmiylashtiruvi, belgilangan joydan yoki ish vaqtidan tashqari rasmiylashtiruv, tovarni bojxona omborida saqlash, transport vositasini bojxona hamrohligida kuzatib borish, dastlabki qaror qabul qilish va intellektual mulk ob’ektini bojxona reestriga kiritish uchun undiriladi.

Chat