Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 123698 marta o'qildi

«Temir daftar» nima?

«Temir daftar» — ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir oilalarni aniqlash, ularning ehtiyojlarini baholash va ijtimoiy xizmat hamda yordam ko‘rsatish uchun yuritiladigan elektron ma’lumotlar bazasi.

«Temir daftar» «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimida yuritiladi. Unda oila tarkibi, oila a’zolari, oilaning zaif tomonlari va aniqlangan ehtiyojlari qayd etiladi.

Qanday oilalar kiritiladi?

Quyidagi holatlarning tegishli guruh bo‘yicha bir vaqtning o‘zida mavjud bo‘lishi talab qilinadi:

  1. Oilada mehnatga layoqatli shaxs bo‘lmasa yoki yagona boquvchi og‘ir kasal yoki nogironligi bo‘lgan oila a’zosini parvarishlasa, oilada shunday bemor mavjud bo‘lsa, moddiy ahvoli og‘ir va uy-joyi yo‘q yoki yomon holatda bo‘lsa.
  2. Oilada mehnatga layoqatli shaxs bo‘lmasa yoki yagona boquvchi og‘ir kasal bo‘lsa, oila a’zosi yolg‘iz yoki yolg‘iz yashovchi hisoblansa, moddiy ahvoli og‘ir va uy-joy sharoiti qoniqarsiz bo‘lsa.
  3. Mehnatga layoqatli shaxs bo‘lmasa yoki yagona boquvchi bemorni parvarishlasa, oila boquvchisini yo‘qotgan, moddiy ahvoli og‘ir va uy-joyi yo‘q yoki yomon holatda bo‘lsa.
  4. Yagona boquvchi 3 nafar va undan ortiq voyaga etmagan bolani tarbiyalayotgan yolg‘iz ona, ota, vasiy yoki homiy bo‘lsa, oilaning moddiy va uy-joy sharoiti og‘ir bo‘lsa.
  5. Oilaning ikki yoki undan ortiq a’zosi og‘ir kasal yoki I–II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘lsa, oilaning moddiy ahvoli va uy-joy sharoiti og‘ir bo‘lsa.

Qanday murojaat qilinadi?

Oilaning voyaga etgan a’zosi:

  • «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi orqali;
  • bevosita «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga murojaat qilishi mumkin.

Oilaning og‘ir ahvoli ijtimoiy xodim tomonidan xonadonma-xonadon o‘rganish jarayonida ham aniqlanishi mumkin.

Murojaat qanday ko‘rib chiqiladi?

Ijtimoiy xodim oilaning holatini 2 ish kuni ichida keys-menejment usulida o‘rganadi. Oila belgilangan mezonlarga mos kelsa, bir ish kuni ichida «mahalla ettiligi»ga tavsiyanoma kiritiladi.

Keys-menejment — oilaning muammosi, resurslari va ehtiyojlarini kompleks o‘rganib, unga mos ijtimoiy xizmatlar rejasini belgilash usuli.

«Mahalla ettiligi» murojaatni 3 ish kuni ichida ko‘rib chiqib, oddiy ko‘pchilik ovoz bilan kiritish yoki rad etish haqida qaror qabul qiladi. Qaror bir ish kuni ichida oilaga etkaziladi.

Qanday yordamlar ko‘rsatiladi?

Oilaning aniqlangan ehtiyojiga qarab:

  • «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» orqali ijtimoiy yordamlar;
  • bandlik, tadbirkorlik, hunarmandchilik va kasanachilik dasturlari;
  • «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi mablag‘lari;
  • ijtimoiy, tibbiy, maishiy va boshqa xizmatlar;
  • homiylik va kraudfanding platformasi orqali maqsadli yordam ko‘rsatilishi mumkin.

«Temir daftar»ga kiritilgan oilaga bir yil davomida «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasidan beriladigan yordamlar soni cheklanmaydi. Daftarga kiritish muayyan miqdorda pulni avtomatik to‘lashni anglatmaydi — yordam oilaning aniq ehtiyojiga muvofiq belgilanadi.

Qachon daftardan chiqariladi?

Oila:

  • belgilangan yordamlar to‘liq ko‘rsatilganda;
  • to‘liq davlat ta’minotiga olinganda;
  • o‘z arizasiga ko‘ra;
  • kiritishda noto‘g‘ri ma’lumot berilgani aniqlanganda;
  • boshqa davlatga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganda;
  • ozodlikdan mahrum qilish haqidagi sud hukmi kuchga kirganda;
  • tegishli shaxs vafot etganda yoki bedarak yo‘qolgan deb topilganda daftardan chiqariladi.
Chat