Sud quyidagi hollarda ish yuritishni to‘xtatib turishi shart:
- mazkur ishni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, fuqarolik ishlari bo‘yicha sud, jinoyat ishlari bo‘yicha sud, ma’muriy sud yoki iqtisodiy sud tomonidan ko‘rilayotgan boshqa ish yoki masala yuzasidan, shuningdek tergov harakatlari olib borilayotgan ish yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar ko‘rish mumkin bo‘lmaganda;
- javobgar fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harakatdagi qismida bo‘lganda yoki O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harakatdagi qismidagi da’vogar-fuqaro tegishli iltimosnoma bilan murojaat qilganda;
- ishda ishtirok etuvchi shaxs bo‘lgan fuqaro vafot etganda, agar nizoli huquqiy munosabatlar huquqiy vorislikka yo‘l qo‘ysa;
- ishda ishtirok etuvchi shaxs bo‘lgan fuqaro muomala layoqatini yo‘qotganda;
- taraf sud tomonidan tan olinishi va ijroga qaratilishi to‘g‘risida ko‘rilayotgan chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini bekor qilish yoki uning ijrosini to‘xtatib turish haqida vakolatli organga iltimosnoma berganda.
- mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risida kelishuv tuzilganda.
Sud quyidagi hollarda ish yuritishni to‘xtatib turishga haqli:
- sud tomonidan ekspertiza tayinlanganda;
- ishda ishtirok etuvchi shaxs bo‘lgan yuridik shaxs qayta tashkil etilganda;
- ishda ishtirok etuvchi shaxs bo‘lgan fuqaro davlat majburiyatini bajarish uchun jalb qilinganda;
- chet davlatlar sudlariga nizoni mazmunan hal etish uchun alohida protsessual harakatlarni amalga oshirish haqidagi sud topshiriqlari belgilangan tartibda yuborilganda.
Ish yuritishni to‘xtatib turishga sabab bo‘lgan holatlar bartaraf qilinganidan keyin ish yuritish tiklanadi.
Ish yuritishni to‘xtatib turish, uni tiklash to‘g‘risida yoki uni tiklashni rad etish haqida sud ajrim chiqaradi.
Ajrimning ko‘chirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuboriladi.
Ish yuritishni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi, ish yuritishni tiklashni rad etish haqidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.