Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 59475 marta o'qildi

Kasbiy ta’lim qanday tashkil etiladi

Kasbiy ta’lim tizimi boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlarini qamrab oladi.

Islohotlar doirasida kasbiy ta’lim tashkilotlarining turlarini maqbullashtirish va barcha darajalar bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmog‘ini tashkil etish belgilangan.

Texnikumlar faoliyatini muvofiqlashtirish va kasbiy ta’lim sohasini boshqarish uchun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzurida Kasbiy ta’lim agentligi tashkil etilgan.

Kasbiy ta’lim — muayyan kasb va mutaxassislik bo‘yicha bilim, amaliy ko‘nikma va kompetentsiyalarni egallashga qaratilgan ta’lim.

Texnikumlarda qanday dasturlar bo‘ladi

Texnikumlarda:

— boshlang‘ich kasbiy ta’lim;

— o‘rta kasbiy ta’lim;

— o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlari;

— malaka va kompetentsiyalar bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi.

9-sinfni tamomlagan o‘quvchilar uchun boshlang‘ich kasbiy ta’lim dasturlari davlat granti asosida, kamida umumiy o‘rta ma’lumotga ega boshqa talabgorlar uchun esa to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi.

O‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlarida davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida o‘qish mumkin.

O‘quv jarayoni

Texnikumlarda kadrlar tayyorlash xalqaro ta’lim tasnifi va milliy malaka tizimi talablariga muvofiq tashkil etiladi.

2025/2026 o‘quv yilidan texnikumlarga ish beruvchilar ehtiyojidan kelib chiqib o‘quv rejalari va dasturlarini takomillashtirish, fanlarni integratsiya qilish hamda mutaxassislik va umumkasbiy fanlar soatlarini belgilangan doirada 30 foizgacha o‘zgartirish imkoniyati berilgan.

Professional ta’lim muassasalarida guruhlar, qoida tariqasida, 12 nafardan 30 nafargacha o‘quvchidan shakllantiriladi.

Diplom va sertifikat

Kasbiy ta’lim agentligi ta’lim dasturlarining mazmuni, malaka darajalari, minimal o‘qitish muddatlari va bitiruvchilar bilimini baholash mezonlarini belgilaydi.

Davlat ta’lim standartlari asosida ta’lim olgan texnikum va o‘quv kurslari bitiruvchilariga davlat namunasidagi diplom yoki sertifikat beriladi.

Malaka — shaxsning muayyan kasbiy faoliyatni bajarish uchun zarur bo‘lgan bilim va amaliy ko‘nikmalari darajasi.

Chat