Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 56475 marta o'qildi

Elektron tijorat tushunchasi

Elektron tijorat — tovarlarning, ishlarning va xizmatlarning tadbirkorlik faoliyati doirasida axborot tizimlaridan foydalangan holda elektron savdo maydonchasi orqali tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladigan oldi-sotdisi.

Elektron tijorat munosabatlari «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi Qonun bilan tartibga solinadi. Elektron tijorat sohasidagi vakolatli davlat organi — O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi.

Elektron tijorat ishtirokchilari:

  • tovar sotuvchi, ish bajaruvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchi yuridik va jismoniy shaxslar;
  • tovar, ish yoki xizmatning xaridori va iste’molchisi bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar.

Sotuvchi sifatida yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va qonunchilikda belgilangan doirada o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ishtirok etishi mumkin.

Sotuvchi taqdim etishi kerak bo‘lgan ma’lumotlar

Sotuvchi xaridorga:

  • tovar, ish yoki xizmat va uni ishlab chiqaruvchi to‘g‘risida to‘liq axborot;
  • o‘z nomi, pochta va elektron manzili hamda telefon raqami;
  • zarur bo‘lganda litsenziya yoki ruxsat etish hujjati haqidagi ma’lumotlar;
  • tovarning narxi, to‘lov va etkazib berish shartlari;
  • shartnomani tuzish, aktseptni yuborish va chaqirib olish tartibi;
  • shartnoma shartlariga o‘zgartish kiritish imkoniyati va tartibi haqidagi ma’lumotlarni taqdim etishi kerak.

Muomaladan olib qo‘yilgan yoki muomalasi cheklangan tovarlarni qonunchilik talablarini buzgan holda elektron savdoga qo‘yish mumkin emas.

Elektron shartnomaning yuridik kuchi

Elektron tijoratda shartnoma taraflar shartlarni elektron hujjatlar yoki elektron xabarlar orqali kelishishi natijasida elektron shaklda tuziladi.

Elektron cheklar, kvitantsiyalar, xabarlar va taraflarni identifikatsiya qilish imkonini beruvchi boshqa elektron hujjatlar tovar yoki xizmat sotib olinganligini tasdiqlovchi qog‘oz hujjatlarga tenglashtiriladi.

Tarafning roziligini ifodalovchi va uni identifikatsiya hamda autentifikatsiya qilish imkonini beruvchi SMS-kod, Face-ID va boshqa elektron tasdiqlash usullari ham imzo sifatida tan olinishi mumkin.

Shartnoma faqat axborot tizimi orqali tuzilgani uchun haqiqiy emas deb topilishi mumkin emas. Elektron xabarlar va cheklarni shartnoma bajarilguniga qadar saqlab qo‘yish tavsiya etiladi.

To‘lov va etkazib berish

Elektron tijoratda to‘lov:

  • virtual terminal — E-POS orqali;
  • bank hisobvarag‘i yoki bank kartasidan pul o‘tkazish orqali;
  • to‘lov tashkilotining tizimi orqali;
  • elektron pul va elektron hamyondan foydalangan holda amalga oshirilishi mumkin.

Elektron to‘lov amalga oshirilganda virtual kassaning elektron cheki xaridorning telefon raqamiga, elektron pochtasiga yoki shaxsiy kabinetiga yuborilishi kerak.

Agar shartnomada etkazib berish muddati belgilanmagan va uni aniqlash imkoni bo‘lmasa, tovar aktsept qabul qilingan paytdan e’tiboran 30 kundan kechiktirmay etkazib berilishi lozim.

Chat