Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 18898 marta o'qildi

Saylov komissiyasi a’zolariga haq to‘lanadimi?

Ha. Saylov jarayonida komissiya a’zosi bo‘lgan, lekin doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan shaxslar va pensionerlarga Yagona tarif setkasi bo‘yicha haq hisoblanadi:

  • komissiya raisiga — 9-razryad;
  • rais o‘rinbosariga — 8-razryad;
  • kotib va boshqa a’zolarga — 4-razryad bo‘yicha.

Shuningdek, tegishli saylov komissiyalari a’zolariga transport, ovqatlanish va boshqa xarajatlarni qoplash uchun belgilangan tartibda bir martalik kompensatsiya to‘lanishi nazarda tutilgan.

Ovoz berish uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjat kerakmi?

Ha. Saylovchi uchastka saylov komissiyasi a’zosiga shaxsini tasdiqlovchi hujjatini ko‘rsatadi. Saylovchilar ro‘yxatida fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va yashash joyi manzili haqidagi ma’lumotlar bo‘ladi.

Har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin.

Agar saylovchining ma’lumotlari ro‘yxatda bo‘lmasa, belgilangan tartibda uchastka saylov komissiyasiga murojaat qilib, ma’lumotlarni tekshirish va ro‘yxatga tegishli o‘zgartish kiritish masalasini hal qilish mumkin.

Byulletenni mustaqil to‘ldira olmasam, kimdir yordam berishi mumkinmi?

Ha. Byulletenni mustaqil ravishda to‘ldira olmaydigan saylovchi o‘z xohishiga ko‘ra kabina yoki xonaga boshqa shaxsni taklif qilishi mumkin.

Biroq:

  • saylov komissiyasi a’zosi;
  • kuzatuvchi;
  • ommaviy axborot vositasi vakili saylovchiga bunday yordam berishi mumkin emas.

Byulletenni xato to‘ldirib qo‘ysam nima bo‘ladi?

Agar saylovchi byulletenni to‘ldirishda xato qilib uni buzib qo‘ysa, uning iltimosiga ko‘ra byulletenь yangisiga almashtirib berilishi mumkin.

Buzilgan byulletenь alohida hisobga olinadi va unga tegishli belgi qo‘yiladi.

Ko‘zi ojiz saylovchilar qanday ovoz beradi?

Ko‘zi ojiz saylovchining iltimosiga ko‘ra unga byulletenni to‘ldirish uchun Braylь alifbosi asosida tayyorlangan trafaret beriladi. Buning uchun alohida «Braylь byulleteni» bo‘lishi shart emas — trafaret oddiy saylov byulletenini mustaqil to‘ldirishga yordam beradi.

To‘ldirilgan byulletenni suratga olish mumkinmi?

Yo‘q.

To‘ldirilgan saylov byulletenini yoki uni to‘ldirish jarayonini:

  • suratga olish;
  • videoga olish;
  • olingan tasvirni tarqatish;
  • ijtimoiy tarmoqqa joylashtirish taqiqlanadi.

Bu talab yashirin ovoz berish printsipini ta’minlashga qaratilgan.

Boshqa saylov uchastkasiga borib ovoz berish mumkinmi?

Har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi.

Saylovchi doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatga olingan yashash joyiga muvofiq tegishli saylov uchastkasida ovoz beradi. Agar shaxs boshqa uchastkada ovoz bergan bo‘lsa yoki murojaat qilgan uchastka uning doimiy yoki vaqtincha yashash joyiga to‘g‘ri kelmasa, ro‘yxatga kiritish rad etilishi mumkin.

Eslatma: to‘ldirilgan byulletenni hatto o‘z tanlovingizni ko‘rsatish maqsadida ham suratga yoki videoga olish mumkin emas.

Chat