Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 23305 marta o'qildi

Sug‘urta deganda yuridik yoki jismoniy shaxslar to‘laydigan sug‘urta mukofotlaridan shuningdek sug‘urtalovchining boshqa mablag‘laridan shakllantiriladigan pul fondlari hisobidan muayyan voqea (sug‘urta hodisasi) yuz berganda ushbu shaxslarga sug‘urta shartnomasiga muvofiq sug‘urta tovonini (sug‘urta pulini) to‘lash yo‘li bilan ularning manfaatlarini himoya qilish tushuniladi.

Sug‘urta quyidagi sohalarga bo‘linadi:
  • hayotni sug‘urta qilish (jismoniy shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i, mehnat qobiliyati va pul ta’minoti bilan bog‘liq manfaatlarini sug‘urta qilish, bunda shartnoma bo‘yicha sug‘urtaning eng kam muddati 1 yilni tashkil etadi hamda sug‘urta pullarining sug‘urta shartnomasida ko‘rsatib o‘tilgan oshirilgan foizni o‘z ichiga oluvchi bir martalik yoki davriy to‘lovlarini (annuitetlarni) qamrab oladi);
  • umumiy sug‘urta (shaxsiy, mulkiy sug‘urta, javobgarlikni sug‘urta qilish hamda hayotni sug‘urta qilish sohasiga taalluqli bo‘lmagan boshqa sug‘urta turlari).

  • Tegishli turdagi sug‘urtani amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan va sug‘urta shartnomasiga muvofiq sug‘urta tovoni (sug‘urta puli) to‘lovini amalga oshirish majburiyatini oluvchi tijorat tashkiloti bo‘lgan yuridik shaxs sug‘urtalovchi deb e’tirof etiladi.

Sug‘urtalovchi quyidagi huquqlarga ega:
  • qonunchilikda belgilanadigan tartibda va shartlarda sug‘urta (qayta sug‘urta qilish) shartnomalari tuzish;
  • o‘z majburiyatlarini belgilangan tartibda qayta sug‘urta qilish, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida qayta sug‘urta qilish;
  • maxsus vakolatli davlat organi belgilaydigan tartibda va shartlarda investitsiya faoliyatini amalga oshirish va boshqalar.

Sug‘urtalovchining nomidan va topshirig‘iga binoan sug‘urta shartnomasining tuzilishi va ijro etilishini tashkil qilish bo‘yicha faoliyat yurituvchi yuridik yoki jismoniy shaxs sug‘urta agenti hisoblanadi.

Sug‘urtalovchining boshqaruv organlari rahbarlari sug‘urta agenti bo‘la olmaydilar.

Quyidagilar taqiqlanadi:
  • sug‘urta agentining tegishli turdagi sug‘urtani amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lmagan sug‘urtalovchilar nomidan sug‘urta shartnomalari tuzishiga;
  • agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha qoidalar nazarda tutilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi hududida sug‘urta bo‘yicha sug‘urta agentining O‘zbekiston Respublikasi hududida belgilangan tartibda ro‘yxatga olinmagan chet el sug‘urta tashkilotlari nomidan sug‘urta shartnomalari tuzish bilan bog‘liq bo‘lgan vositachilik faoliyatiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Sug‘urta faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

Sug‘urtalovchilar va sug‘urta brokerlarining sug‘urta faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda maxsus vakolatli davlat organi beradigan litsenziyalar asosida amalga oshiriladi.

Litsenziya sug‘urtalovchiga yoxud hayotni sug‘urta qilish sohasida, yoxud umumiy sug‘urta sohasida, yoxud faqat qayta sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta faoliyatini amalga oshirish uchun beriladi. Hayotni sug‘urta qilish sohasida sug‘urta faoliyatini amalga oshirayotgan sug‘urtalovchi umumiy sug‘urta sohasida sug‘urta faoliyatini amalga oshirishga haqli emas, umumiy sug‘urta sohasining O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ayrim turlari (klasslari) bundan mustasno. Umumiy sug‘urta sohasida sug‘urta faoliyatini amalga oshirayotgan sug‘urtalovchi hayotni sug‘urta qilish sohasida sug‘urta faoliyatini amalga oshirishga haqli emas. Faqat qayta sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta faoliyatini amalga oshirayotgan sug‘urtalovchi sug‘urta shartnomalarini tuzishga haqli emas.

Chat