Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 15323 marta o'qildi

Notariusning mediator sifatidagi vazifasi

«Notariat to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq notarius «Mediatsiya to‘g‘risida»gi Qonunda belgilangan tartibda mediator vazifasini bajarishga haqli.

Mediatsiya taraflarga nizoni sud muhokamasisiz yoki boshlangan sud ishi doirasida o‘zaro maqbul kelishuv asosida hal etish imkonini beradi.

Mediatsiya:

  • fuqarolik-huquqiy nizolarga;
  • tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq nizolarga;
  • mijoz va bank yoki kredit tashkiloti o‘rtasidagi nizolarga;
  • sug‘urta shartnomasidan kelib chiqadigan nizolarga;
  • mehnat va oilaviy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga nisbatan qo‘llanishi mumkin.

Mediatsiya printsiplari

Mediatsiya ixtiyoriylik, maxfiylik, taraflarning hamkorligi va teng huquqliligi, mediatorning mustaqilligi va xolisligi printsiplariga asoslanadi.

Notarius taraflarni muayyan qaror qabul qilishga majburlay olmaydi, bir tarafni ustun holatga qo‘ya olmaydi yoki taraflardan birining huquqlarini cheklay olmaydi.

Har bir taraf mediatsiyani davom ettirishdan istalgan vaqtda voz kechishi mumkin.

Muhim! Mediatsiyada ishtirok etganlik fakti tarafning aybini yoki bildirilgan talabni tan olganligini anglatmaydi.

Mediatsiyani boshlash

Mediatsiya taraflarning yozma kelishuvi asosida boshlanadi. Kelishuvda:

  • taraflar haqidagi ma’lumotlar;
  • nizo predmeti;
  • tanlangan mediator;
  • mediatsiya tartibi;
  • o‘tkazish tili, joyi va sanasi;
  • muddati;
  • xarajatlarni taqsimlash shartlari ko‘rsatiladi.

Notarius taraflar bilan birgalikda yoki ularning har biri bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazishi mumkin.

Mediatsiya muddati

Umumiy qoida bo‘yicha mediatsiya 30 kundan oshmagan muddatda tugallanishi kerak. Zarur bo‘lganda taraflarning o‘zaro roziligi bilan muddat yana 30 kungacha uzaytirilishi mumkin.

Sud hujjatlari yoki boshqa organlar hujjatlarini ijro etish jarayonidagi mediatsiya muddati ko‘pi bilan 15 kun bo‘ladi.

Mediativ kelishuv

Taraflar o‘zaro maqbul qarorga kelsa, yozma mediativ kelishuv tuziladi. Unda taraflarning huquq va majburiyatlari, ularni bajarish shartlari va muddatlari belgilanadi.

Kelishuv taraflar tomonidan imzolanadi va mediator tomonidan tasdiqlanadi. Notarius mediator bo‘lganda taraflar kelishuvini notarial tartibda tasdiqlaydi.

Mediativ kelishuv:

  • qonunchilikka zid bo‘lmasligi;
  • mediatsiyada ishtirok etmagan uchinchi shaxslarning huquqlariga daxl qilmasligi;
  • jamoat manfaatlariga zarar etkazmasligi kerak.

Muhim! Mediativ kelishuv taraflar uchun majburiy kuchga ega. U ixtiyoriy bajarilmasa, manfaatdor taraf kelishuvni majburiy ijroga qaratishni so‘rab sudga murojaat qilishga haqli.

Maxfiylik

Mediatsiya jarayonida ma’lum bo‘lgan axborot, qoida tariqasida, taraflarning roziligisiz oshkor qilinmaydi. Mediator va boshqa ishtirokchilar mediatsiyada ma’lum bo‘lgan holatlar yuzasidan guvoh sifatida so‘roq qilinishi yoki ulardan bunday axborot talab qilinishi mumkin emas, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Chat