Axborot texnologiyalari va kompьyuter dasturlash sohasida maqsadli o‘qish uchun 16 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari nomzod bo‘lishi mumkin.
Nomzodlar Axborot texnologiyalari sohasidagi bilimlarni rivojlantirish markazi va tanlab olingan ta’lim tashkilotlari tomonidan tanlov asosida saralanadi.
Markaz IT va kompьyuter dasturlash sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun ta’lim tashkilotlari orasida eng yaxshi takliflarni tanlov asosida tanlaydi.
Mutaxassislarga bo‘lgan talab vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va boshqa tashkilotlarning ehtiyojidan kelib chiqib shakllantiriladi.
Tanlab olingan nomzod bilan Markaz o‘rtasida kelgusidagi daromadlardan ulush ajratishni nazarda tutuvchi Income Share Agreement shartnomasi tuziladi.
Ushbu shartnoma asosida o‘qish xarajatlarini to‘lash uchun maqsadli qarz beriladi. O‘qishni tugatganidan keyin ishtirokchi shartnomada belgilangan tartibda qarz mablag‘i va uning foizlarini qaytarishi shart.
Income Share Agreement — ta’lim xarajatlarini moliyalashtirish evaziga o‘qishni tamomlagan shaxsning kelgusidagi daromadidan shartnomada belgilangan tartibda to‘lov qilishini nazarda tutuvchi kelishuv.
2025-yil 21 noyabrdan maqsadli qarz bo‘yicha foiz stavkasi Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalashtirish stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori bo‘lishi belgilandi.
Shuningdek, IT eksportini rivojlantirish va xorijiy tillarni o‘rgatish orqali xalqaro darajadagi mutaxassislarni tayyorlash uchun maqsadli qarz berish imkoniyatlari kengaytirildi.