Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 56802 marta o'qildi

Agentlikning maqomi

O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Agentlik tizimiga:

  • markaziy apparat;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari;
  • tuman va shahar bo‘limlari kiradi.

Mahallalardagi yoshlar etakchilari yoshlar bilan manzilli ishlash, ularning muammolarini aniqlash va tegishli yordam choralarini tashkil etishda ishtirok etadi.

Asosiy vazifalari

Agentlik:

  • yoshlarga oid davlat siyosati sohasida davlat dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
  • yoshlarga oid qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
  • yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi;
  • yoshlar bandligi va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlaydidi;
  • yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasida ishtirok etadi;
  • ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz, nogironligi bo‘lgan, etim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash choralarini amalga oshiradi;
  • yoshlar siyosati sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantiradi.

Nazorat vakolatlari

Agentlik yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.

Qonunchilik buzilishi aniqlanganda, Agentlik davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga:

  • qonunbuzilishni;
  • uning sodir etilishiga sabab bo‘lgan holatlarni;
  • qonunbuzilishga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritishi mumkin.

Agentlik va uning hududiy boshqarmalari davlat organlari hamda tashkilotlaridan yoshlarga oid normativ hujjatlar va dasturlar ijrosi bo‘yicha asoslantirilgan tushuntirishlar hamda ma’lumotlar talab qilishga haqli.

Muhim: Agentlik sud, prokuratura yoki ichki ishlar organining vakolatlarini bajarmaydi. Jinoyat, zo‘ravonlik yoki bevosita xavf mavjud bo‘lganda tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organga murojaat qilish lozim.

Yoshlarga ko‘rsatiladigan ko‘mak

Agentlik tizimi orqali yoshlarga:

  • kasb va xorijiy tillarni o‘rganish;
  • tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish;
  • bandlikni ta’minlash;
  • ta’lim, sport, madaniyat va san’at sohasida rivojlanish;
  • «Yoshlar daftari» jamg‘armasi hisobidan ijtimoiy yordam olish;
  • grantlar va subsidiyalardan foydalanish bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatiladi.

Yordam turi va uni ajratish shartlari tegishli davlat dasturi yoki ma’muriy reglamentda belgilanadi.

Murojaat qilish

Yoshlar:

  • mahalladagi yoshlar etakchisiga;
  • tuman yoki shahar Yoshlar ishlari bo‘limiga;
  • Agentlikning hududiy boshqarmasiga;
  • YaIDXP va tegishli elektron platformalar orqali murojaat qilishi mumkin.
Chat