Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 24895 marta o'qildi

Sog‘liqni saqlash huquqi

Har bir bola sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy yordam olish huquqiga ega. Davlat bolalarga qonunchilikda belgilangan hajmda bepul tibbiy yordam ko‘rsatilishini kafolatlaydi.

Bolaning sog‘lig‘ini saqlash huquqi quyidagilar orqali ta’minlanadi:

  • kasalliklarning oldini olish va erta aniqlash;
  • malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish;
  • dispanser kuzatuvi va davolash;
  • sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari ustidan nazorat;
  • bolaning sog‘lig‘iga mos ta’lim va mehnat sharoitlarini yaratish;
  • sanitariya-gigiena ta’limi va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish;
  • bolaga uning yoshi va tushunish darajasiga mos shaklda sog‘lig‘i haqida ma’lumot berish.

Shoshilinch holatda bolaning hayotini saqlab qolish uchun zarur tibbiy yordam kechiktirilmasdan ko‘rsatilishi shart.

Tibbiy aralashuvga rozilik

14 yoshdan oshgan voyaga etmagan shaxs tibbiy aralashuvga ma’lumotlarni bilgan holda ixtiyoriy rozilik berish yoki uni rad etish huquqiga ega.

14 yoshga to‘lmagan bolaga tibbiy aralashuv o‘tkazish uchun, odatda, uning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakilining roziligi olinadi.

Agar bolaning ahvoli o‘z xohishini bildirishga imkon bermasa va tibbiy aralashuvni kechiktirib bo‘lmasa, qaror shifokorlar konsiliumi tomonidan, uni yig‘ish imkoni bo‘lmaganda esa davolovchi yoki navbatchi shifokor tomonidan qabul qilinadi.

Bolaning tibbiy ma’lumotlari

Bolaga uning sog‘lig‘i, tashxisi, davolash usullari va ehtimoliy oqibatlar haqida tushunarli shaklda axborot berilishi kerak.

14 yoshga to‘lmagan bolaning sog‘lig‘i haqidagi ma’lumot uning qonuniy vakiliga taqdim etiladi. Tibbiy hujjatlardagi ma’lumotlar shifokorlik siri hisoblanadi va faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda oshkor qilinishi mumkin.

Bolaning hayoti, sog‘lig‘i yoki normal rivojlanishiga zarar etkazadigan ilmiy tajriba va boshqa eksperimentlarni o‘tkazish taqiqlanadi.

Davlat bolalarni alkogolь, tamaki, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va boshqa zararli mahsulotlar ta’siridan himoya qilish choralarini ko‘radi.

Ushbu kafolatlar «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonun va «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi Qonunda belgilangan.

Chat